Infocom.uz

Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlik shartnomasi.

Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlik shartnomasi (DEPA (Digital economy partnership agreement)) raqamli savdo qoidalari va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha hamkorlikni o‘rnatishga qaratilgan faqat raqamli savdo shartnomasini tuzish bo‘yicha ilg‘or va innovatsion tashabbus hisoblanadi.

DEPA 2021-yil yanvar oyida kuchga kirgan. DEPA – bu raqamli savdoni osonlashtirish va raqamli iqtisodiyot uchun asos yaratish uchun mo‘ljallangan yangi turdagi savdo kelishuvidir. U Chili, Yangi Zelandiya va Singapurning umumiy manfaatlaridan kelib chiqqan. 2023-yil iyun oyi boshida DEPA Koreyani oʻzining eng yangi aʼzosi sifatida qabul qildi. Xitoy 2021-yil
31-oktabrda ishtirok etishni soʻragan va uning rasmiy aʼzo boʻlish jarayoni 2022-yil 18-avgustda boshlangan. DEPAga ko‘p davlatlar qiziqish bildirmoqda, jumladan Sharqiy Yevropa, Kanada va Peru va boshqalar. Global raqamlashtirish bo’yicha sa’y-harakatlar bilan DEPA raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirishga turtki bo‘ladi.

DEPA raqamli iqtisodiyot va transchegaraviy raqamli hamkorlikni qamrab olmoqchi bo‘lgan mamlakatlarni o‘z  ichiga olgan istiqbolli va rivojlanayotgan kelishuv hisoblanadi. Bitim texnologiyalar va raqamlashtirish orqali transchegaraviy savdoda kichik va o‘rta biznesni kengaytirish hamda rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi.

DEPA aʼzo mamlakatlarga sunʼiy intellekt, maʼlumotlar oqimi, raqamli savdo, onlayn xavfsizlik, raqamli identifikatsiya kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyatini beradi. DEPA Erkin savdo bitimlarini rivojlantiradi va chegarasiz biznes imkoniyatlarini taqdim etadi.

DEPA quydagilarni o‘z ichiga oladi:

Raqamli xavfsizlik:

  • Kiberxavfsizlik sohasida hamkorlik;
  • Onlayn iste’molchilarni himoya qilish.

Raqamli savdo:

  • Raqamli mahsulot uchun bojxonani bekor qilish;
  • Qog‘ozsiz savdo;
  • Raqamli mahsulotlarni kamsitmaslik;
  • Elektron hisob-faktura.

Ma’lumotlar muammosi:

  • Ma’lumotlar;
  • Ochiq hukumat ma’lumotlari;
  • Ma’lumotlarni mahalliylashtirishni taqiqlash.

Rivojlanayotgan texnologiya:

  • Tartibga soluvchi qumdonlar;
  • Sun’iy intellekt;
  • Fintech

DEPAga a’zo va kelajakda a’zo bo‘lishi kutilayotgan davlatlar

O‘zbekistoning DEPAga a’zo bo‘lishi

Malakatamizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va “O‘zbekiston – 2030 strategiya”sida belgilangan maqsadlarga erishish uchun xorijiy tajribani mukammal o‘rganish va ularning tajribasini amaliyotga joriy qilish uchun bu boradagi hamkorlikning ahamiyatini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Raqamli iqtisodiyot sohasida faol ishtirok etayotgan global tashkilotlar bilan strategik hamkorlik qilish nafaqat ichki rivojlanish sur’atlarini tezlashtiradi, balki ko’plab qulay o’zgarishlar uchun imkoniyatlar yaratadi. Hamkorlikning asosiy jihatlaridan biri bu tajriba almashishdir. Boshqa davlatlar va global tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik ularning muvaffaqiyati va xatolaridan saboq olish, ilg‘or texnologiyalar va metodologiyalarni birlashtirish imkonini beradi, bu esa, o‘z navbatida, raqamli dunyoning tez o‘zgaruvchan talablariga samarali moslashishga xizmat qiladi. Birgalikda amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar raqamli iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini kashf qilish va  rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu bitimga a’zo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish orqali innovatsiyalarni kashf qilish, raqamli iqtisodiyot o’sishini qo’llab-quvvatlash va raqobatbardoshlikni oshirishi mumkin. Natijada, davlat jahon raqamli iqtisodiyoti indeks va reytinglarida yetakchi o‘rinni egallashi mumkin. Bundan tashqari, raqamli sohadagi hamkorlik quyidagi imtiyozlarni beradi: jahon bozorlariga chiqish, transchegaraviy sarmoya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, global tadqiqot va innovatsion loyihalarda ishtirok etish va boshqalar.

O‘zbekiston DEPAga qo‘shilish orqali raqamli transformatsiya bo‘yicha o‘zining o‘rnini namoyish etadi, balki raqamli iqtisodiyot rivojlangan mamlakatlarning ko‘p yillik tajribalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. DEPAda ishtirok etishning afzalliklari qatorida raqamli sohada doimo yetakchi o‘rinlarni egallab turgan mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilish va tajriba almashish imkoniyati mavjud. Bu strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro investitsiyalarni jalb qilish hamda texnologik startaplar va innovatsion loyihalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish imkonini beradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top