Infocom.uz

Raqamli iqtisodiyot sharoitida ayollarning faoliyat ko‘rsatkichlari

Ayol baxtli bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi. Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning maʼnaviy darajasini, avvalo, shu yurt ayollarining maʼnaviy saviyasi belgilaydi. Shavkat Mirziyoyev

Raqamlashtirish bu – hayotning turli sohalariga, jumladan iqtisodiyot, ta’limning barcha bosqichlari, madaniyat, tibbiyot, turizm, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va boshqa jarayonlarga raqamli texnologiyalarni joriy qilishdir. Raqamlashtirish – innovatsion boshqaruv va ish yuritish jarayoniga zamonaviy AKT yechimlarning jalb etilishini, buning samarasi o‘laroq esa internet buyumlardan tortib, elektron hukumatgacha bo‘lgan barcha tizimlarda axborot texnologiyalarini qo‘llashni ko‘zda tutadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2023-yil 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati ayni shu yo’nalishda seminar tashkil etildi. Seminar mavzusi “DigitALL: gender tengligi uchun innovatsiyalar va texnologiyalar” deb nomlandi. Seminarda ayollarning raqamli iqtisodiyot sharoitlariga moslashishlari va ushbu sohada raqamli tadbirkorlikning yangi biznes imkoniyatlari, samaradorlikning oshishi haqida so‘z yuritildi.

Raqamli iqtisodiyot juda keng qamrovli tushuncha bo’lsa-da, Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan, ayollar Afrika va Janubiy-sharqiy Osiyodagi elektron tijorat bozorlariga 2025-2030-yillar oralig‘ida 300 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsiya qilishlari mumkinligi prognoz qilindi. Bugungi kunda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, barcha sohalarda gender tengligiga erishish, mehnat bozorida kamsitishlarga barham berish va ish haqi tengligini ta’minlash butun dunyoda dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Pandemiya ayollar bandligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019−2020-yillarda ayollar bandligi 4,2%ga kamaygan va jami 54 million ish o‘rni boy berilgan. Bu 2020-yilda ishlaydigan ayollar soni 2019-yildagiga nisbatan 13 million nafarga kamayganligini anglatadi. 2022-yilda mehnatga layoqatli aholining mehnat bozorida ishtirok etish darajasi 60% ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich erkaklar o‘rtasida 71,9% ni, ayollar orasida esa 46,6% ni tashkil qilgan. Umuman olganda, ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarning iqtisodiy faolligidan 1,5% ga kam miqdorni tashkil qiladi.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ayollarning iqtisodiy faolligi erkaklarnikiga nisbatan past ko’rsatkichlarda qayd etilgan. 2021-yil yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ayollar orasida 41,3 foizni, erkaklar orasida esa 56,9 foizni tashkil etdi. O‘zbekiston ayollarining mehnat bozoridagi iqtisodiy faolligi 30 yoshdan boshlanadi. Sababi, mamlakatda ayollarning o‘rtacha turmush qurish yoshi 22,3 yoshni tashkil qiladi va turmush qurgandan keyin kamida 2 yilni tug‘ruq ta’tilida o‘tkazadi. Undan so‘ng mehnat bozoriga qaytadi, lekin qisqa vaqtdan keyin ularning takroriy tug‘ruq ta’tiliga chiqish ehtimoli yuqoriligicha qolmoqda. Lekin bu ko‘rsatkich barcha davlatlarda ham bir xil emas. Masalan, Rossiyadagi Frilanse birjasining bosh direktori Anatoliy Orlovning taʼkidlashicha, erkaklar orasida frilansing keng tarqalgan. Uning aytishicha, 2011-yilda frilanserlik faoliyati bilan shug’ullanadigan erkaklar va ayollarning nisbati 63 foizga 37 foizni tashkil qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, pandemiya ushbu ko‘rsatkichlarni tenglashtirish jarayonini tezlashtirdi va ma’lum ma’noda ayollarning ustunlikka erishishlariga ham olib keldi. TASS axborot agentligi 2021-yilda frilanser sifatida ishlaydigan ayollarning ulushi erkaklardan oshib ketganini va 54 foizni tashkil etganini qayd etdi.[1] Frilanserlik faoliyati bilan mustaqil shug’ullanadigan ayollarning shunday xizmatlarning mijozlari orasida ulushi ham oshib, 34 foizni tashkil etganligi aytib o‘tilgan.

Elektron tijorat (e-tijorat, ingl. “e-commerce”) — internet orqali savdo-sotiq amaliyotlarini tashkil etishdir. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tadbirkorlik faoliyati doirasida axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron savdo maydonchasi orqali tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan oldi-sotdisi.

Elektron tijorat ayollar uchun uchta asosiy afzalliklarga ega bo‘lish imkonini beradi: Birinchidan, u xotin-qizlarning og‘ir mehnat sharoitlarida ishlashlaridan ozod qiladi, jismoniy va ruhiy bosimlarning  kamroq bo‘lishini ta’minlaydi. Bu shuni anglatadiki, tadbirkor ayollar o‘z bizneslarini kamroq boshlang‘ich xarajat va harakat bilan do‘konga ehtiyoj sezmasdan boshlashlari mumkin, bu muhim afzalliklardan biridir. Misol uchun, ruandalik yosh tadbirkor Yvette Uvimpaye  odamlar bir nechta bozorlarda xarid qilish paytida duch keladigan noqulaylikni payqadi. Bu muammoni hal qilish uchun u vaqt va pulni tejaydigan Murukali soddalashtirilgan onlayn xarid platformasini ishlab chiqdi. Boshlang‘ich kapitali

1,155 AQSH dollarini tashkil etgan holda, u Ruandada xarid qilish tajribasini o‘zgartiruvchi platformani ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldi.[1] Ikkinchidan, bu tadbirkor ayollarga butun dunyo bo‘ylab mijozlarga erishish imkonini berdi. Tadbirkor ayollar o‘zlarining mijozlar bazasini kengaytirish va o‘z bizneslarini mahalliy bozorlardan tashqarida rivojlantirish uchun ushbu global imkoniyatlardan foydalanishlari mumkin. Senegallik tadbirkor Birame Sok ushbu imkoniyatdan Afrikada ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun onlayn B2B ulgurji savdo maydonchasi Kwely asoschisi sifatida foydalandi. Onlayn platforma butun dunyo bo‘ylab xaridorlarga Afrikada ishlab chiqarilgan xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli va noyob mahsulotlardan foydalanish imkoniyatini bermoqda. Uchinchidan, u ish vaqti va joylashuvi bo‘yicha ma’lum darajada moslashuvchanlikni taklif qiladi. Imkoniyati cheklangan yoki nogironligi bor bo‘lgan tadbirkor ayollar raqamli texnologiyalar yordamida katta foyda olishlari mumkin.

Bunday imkoniyatlarga qaramay, tadbirkor ayollar raqamli iqtisodiyotda erkaklarnikiga qaraganda ancha kam ishtirok etayapti. Bu bo‘shliq boy berilgan iqtisodiy imkoniyatlarga aylanadi va mavjud gender tengsizliklarini kuchaytirishi mumkin.

Ayollar boshchiligidagi raqamli biznes, ya’ni ayollarning elektron tijorat va raqamli iqtisodiyotdagi ishtirokini qanday oshirish va raqamli gender tafovvutini kamaytirishni tushunish uchun, birinchi navbatda, ayollar tadbirkor sifatida duch keladigan o‘ziga xos ehtiyoj va cheklovlarni, shuningdek, o‘sishni yanada qo‘llab-quvvatlovchi omillarni tushunib olish kerak bo‘ladi.

Sifatli va qimmat bo‘lmagan internet tarmog’iga ulanish raqamli iqtisodiyotning asosiy ustunlaridan biridir. Internetdan foydalanishdagi gender farqi global miqyosda qisqargan bo‘lsa-da, ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa, kam rivojlangan mamlakatlarda (KRM) muhimligicha qolmoqda.

Xalqaro elektraloqa ittifoqi (XEI) ma’lumotlariga ko’ra, hozirda dunyo miqyosida ayollarning 57 %i, erkaklarning esa 62 %i internetdan foydalanmoqda. Taxminan 2,7 milliard kishi esa hozirda umuman internetdan foydalanmaydi va ularning  aksariyati ayol va qizlardir. Bu ko‘rsatkich rivojlanishda ortda qolayotgan mamlakatlarda ayollarning atigi 19 foizi, erkaklarning esa 31 foizi internetdan foydalanishini bildiradi.

1-rasm. Internetdan foydalanadigan ayollar va erkaklar ulushi, 2020 yil holatiga

Erkaklar bilan solishtirganda, ayollarning ilg‘or texnologiyalar va raqamli ko‘nikmalarni egallash imkoniyati cheklangan, bu esa ayol ishchilar va tadbirkorlarning raqamli vositalardan foydalanish ko‘nikmalariga ega emasligini ifodalaydi. UNESCO maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻylab fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim talabalarining atigi 35 foizi ayollardir.

Raqamli dunyodagi ushbu muammolarga qo‘shimcha ravishda, tadbirkor ayollar duch keladigan yana bir qancha to‘siqlar hali ham hal qilinishga muhtoj. Bularga resurslardan foydalanishning cheklanganligi, kredit olishdagi qiyinchiliklar, madaniy ta’qiqlar va gender tengsizliklari kiradi.

        Ayollar asosan jamiyatda yetakchi rollarda faoliyat yuritadi. Ular insonlarning qanday muloqot qilishi, ishlashi, o‘qishi, biznes yuritishi, sog‘liqni saqlash va ta’lim olishi uchun ko‘proq mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritmoqdalar. Raqamli iqtisodiyotning faol ishtirokchisiga aylanishi lozim bo‘lgan ayollarni har tomonlama himoya qilish , ya’ni  siyosiy jihatdan ham ustuvorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat ayollarga ular duch keladigan muayyan to‘siqlarni hal qilish uchun tegishli va samarali siyosatlarni ishlab chiqishda yordam berishi, ayniqsa, muhimdir.

         Ushbu muammolarni hal qilish uchun bir qancha tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Masalan, UNCTADning “Ayollar uchun elektron savdo” tashabbusi[1] rivojlanayotgan mamlakatlardagi tadbirkor ayollar duch keladigan to‘siqlarni bartaraf etish uchun tegishli va samarali siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etishga ko‘maklashmoqda. Bu, shuningdek, ko‘proq ayollarni raqamli tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ilhomlantirmoqda. Hozirgacha ushbu tashabbus bilan 40 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda ayollarga tegishli 200 ga yaqin raqamli biznes faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Muvaffaqiyatli “bizneswoman”larning obro‘sini oshirish va qo‘llab-quvvatlash orqali bu tashabbuslar nafaqat ayollarni orqaga tortadigan chuqur ildiz otgan stereotiplarga qarshi kurashish, balki ularga majburiy cheklovlarni hal qilishga yordam beradi.

         Raqamli tafovvutni bartaraf etish – raqamli iqtisodiyot sharoitlarida ayollar salohiyatini oshirishning zaruriy shartidir. Ta’kidlash kerakki, ayollarni AKT sohasida o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash kelajakda ularga yuqori maoshli ish topish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, oʻzlariga qulay jadvalda ishlashni orzu qiladigan ayollar va frilanserlar uchun juda muhim hisoblanadi. Bundan tashqari, bu har bir ayolning oʻz daromadiga egaligi va moliyaviy jihatdan mustaqil boʻlishiga imkon yaratadi.

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, jahonda shiddat bilan rivojlanayotgan raqamli texnologiyalar asrida ayollar ham peshqadam bo’lishi lozimdir. Yangi raqamli texnologiyalar bugungi kunda deyarli har qanday ishlab chiqarishni tezroq, moslashuvchan va bir necha barobar arzonroq qilish imkonini beradi. IT sohasida xotin-qizlar texnologik tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ayollarning oʻz startap loyihalarini ishlab chiqishida rag‘batlantirish orqali erishish mumkin.


[1] https://etradeforall.org/et4women/

[2] https://vc.ru/hr/288556-bolshinstvo-frilanserov-v-rossii-zhenshchiny-issledovanie-frilans-birzhi-fl-ru

[3] https://unctad.org/news/how-unlock-womens-potential-digital-economy

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top