Infocom.uz

Raqamli iqtisodiyotning O‘zbekistondagi holati  va uning rivojlanish istiqbollari

Bugungi kunda har bir davlat raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni o‘zining ustuvor yo‘nalishi deb biladi. Davlat dasturlari yordamida raqamlashtirish, xavfsizlikni taʼminlash va huquqiy tartibga solish, mamlakatimizda raqamli savodxonlik darajasi tahlil qilinib rivojlanmoqda. O‘zbekiston ham raqamli iqtisodiyot sohasini rivojlantirishda jarayonga moslashish sur’atini oshirmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti 2020-yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4699-sonli qarorni imzoladi1. 2023-yilga kelib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi raqamli iqtisodiyot ulushini 2 barobar, elektron davlat xizmatlari sonini esa 376 taga yetkazish rejalashtirilgan (hozirda yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali 326 ta davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan).

Qarorda 2023-yilga borib ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 barobarga oshirish va ularning eksportini 100 million dollarga yetkazish orqali raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish ham koʻzda tutilgan. Shuningdek, 2022-yilda barcha hududlarda raqamli savodxonlik oʻqitish markazlari ochilishi ham eʼtiborga molik hiisoblanadi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2020-yil 5-oktabrdagi 6079-sonli Farmoni bilan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasi tasdiqlanib, 2030-yilda raqamli iqtisodiyotning YAIM dagi ulushi 30 foizni tashkil etishi va unda raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar hududlar kesimida yanada batafsil yoritilgan2.

2019 yilda chop etilgan UNCTADning raqamli iqtisodiyot hisobotiga ko’ra, 7 ta raqamli kompaniya (Microsoft, Apple, Amazon, Google, Facebook, Alibaba va Tencent) jami global bozor kapitallashuvining 3/2 qismini tashkil qildi. Global axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yaratilgan qo‘shilgan qiymatning qariyb 40 foizi AQSh va Xitoy hissasiga to‘g‘ri
keladi3. 2021-yil holatiga ko‘ra raqamli iqtisodiyotning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 1,6 foizni, AQShda 9,3 foizni, Xitoyda 3,8 foizni, Hindistonda 8 foizni  tashkil etdi.

2025 yilga borib dunyoning raqamli iqtisodiyoti 23 trillion AQSh dollarga yetadi.. Uning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi hozirgi 17,1 foizdan 24,3 foizgacha oshadi. Kommunal, sanoat va qishloq xo‘jaligi, transport, moliya va boshqa sohalarda raqamli transformatsiyani rag‘batlantirish uchun dunyo bo‘ylab 100 milliard ulanish o‘rnatiladi. Bulutli texnologiyalardan foydalanadigan korxonalar soni 85%, sun’iy intellekt – 86%, raqamli katta ma’lumotlar – 80 foizni tashkil etadi.

Axborot texnologiyalari platformalarida faoliyat yurituvchi raqamli iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, bu esa bunday platformalar uchun yangi model va texnologiyalarni yaratishni taqozo etmoqda. Bular raqamli iqtisodiyotning o‘tkazuvchan (murakkab) texnologiyalari:

1. Big Data texnologiyalari;

2. Internet ashyo texnologiyalari (IoT – Internet of Things);

3. Mobil texnologiyalar;

4. Bulutli texnologiyalar (Сloud computing);

5. Virtual va to‘ldirilgan texnologiyalar (VR – virtual reality) (AR – augmental reality);

6. Neyrotexnologiyalar va sun’iy intellekt (SI);

7. Raqamli platformalar;

8. Kvant texnologiyalar;

9. Robototexnika;

10. Blokcheyn va kriptovalyuta texnologiyalari;

11. Kraudsorsing va kraudfanding.

Iqtisodiyotning real sektoriga raqamli iqtisodiyotni joriy etish texnik va texnologik kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi, bu esa ilmiy-tadqiqot va ishlanmalarni ekspert qo‘llab-quvvatlovchi markazlarni tashkil etish, shuningdek, ularni tijoratlashtirishni talab qiladi. Shunday qilib, “Raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, uning iqtisodiy jarayonlarga ta’siri ko‘p qirrali bo‘lib, bu ta’sir barqaror, jamiyat, davlat va aholi faoliyati hamda hayotining barcha sohalariga kirib boradi4.

Manbalar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-aprelda “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4699-sonli qarori.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi 6079-sonli Farmoni.
  3. DIGITAL ECONOMY REPORT 2019, VALUE CREATION AND CAPTURE: IMPLICATIONS FOR DEVELOPING COUNTRIES. United Nations Geneva, 2019.
    – P. 17.
  4. Katrashova Yu.V., Mityashin G.Yu. Ispolzovanie “skvoznix” texnologiy v sfere gosudarstvennogo upravleniya, Nauka Krasnoyarya, Tom 9, №4, 2020. – S 88.
Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top