Infocom.uz

Soliq to‘lovchilar uchun interaktiv xizmatlar

Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 21 martda qabul qilingan “Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning yangi istiqbollari belgilab berildi.

Mazkur hujjatga muvofiq mamlakatimizda 2012-2014 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish va rivojlantirishning asosiy vazifalari belgilandi. Qarorda davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari va aholiga taqdim etiladigan interaktiv davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish va sifatini oshirish hamda tegishli axborot resurslaridan, jumladan, qishloq joylarida foydalanishni keng yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Bu borada soliq tizimida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining www.soliq.uz sayti orqali 16 turdagi interaktiv xizmat va boshqa qator foydali elektron xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu saytdan foydalanayotgan soliq to‘lovchilarning soni muttasil oshib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bu boradagi ishlarni yanada yaxshilash, soliq to‘lovchilarni interaktiv xizmatlardan unumli foydalanishga keng jalb etish maqsadida Yoshlar ijod saroyida “Interaktiv xizmatlar – soliq to‘lovchilar xizmatida” mavzuida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz soliq tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar iqtisodiyotimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Sohaning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanayotgani, zamonaviy va ilg‘or kompyuter texnologiyalaridan unumli foydalanilayotgani fuqarolar manfaatiga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida bu vaqt va moddiy resurslarni tejash bilan birga soliq sohasida qabul qilinayotgan qarorlar ijrosi samaradorligini oshirish, soliq siyosatining yanada liberallashuvini ta’minlash va tadbirkorlik subyektlari faoliyatining erkinligini kuchaytirish imkonini berayotir.

2011 yilning sentabr oyida qo‘mita saytining foydalanuvchilar uchun qulay bo‘lgan yangi shakli ishga tushirildi. Unda “Jismoniy shaxslar uchun”, “Yuridik shaxslar uchun”, “Xorijiy fuqarolar uchun” nomli keng hajmdagi foydali ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘limlar tashkil etildi.

Hozir soliq to‘lovchilar axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, o‘z ofislaridan chiqmasdan, Davlat soliq qo‘mitasining sayti orqali o‘zlari uchun zarur ko‘plab vazifalarni bajarishi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish reja-jadvalidan ko‘chirma yoki budjet va budjetdan tashqari jamg‘armalar bilan o‘zaro hisob-kitoblar, soliq solish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni olishi, soliq to‘lovchilarning identifikatsiya raqamlarini bilishi mumkin.

Masalan, saytning “Soliq organlari haqida”gi bo‘limida soliq xizmati organlari tarkibiy tuzilmasi, vazifa va vakolatlari, normativ-huquqiy asoslari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berilgan. “Sizning soliq xizmatingiz” nomli yangi elektron xizmati orqali foydalanuvchilarga soliq organlarining istalgan hududiy tuman yoki shahar bo‘linmasi haqida ma’lumot olish imkoni yaratildi. Buning uchun ko‘rsatilgan ro‘yxatdagi zarur tuman yoki shaharni tanlash kifoya. Ekranda ushbu soliq organining aniq pochta va elektron manzili, navbatchi qismi va ishonch telefonlari raqamlari hamda rahbarlarining ism-familiyasi va fuqarolarni qabul qilish vaqtlari haqidagi ma’lumot paydo bo‘ladi.

Tadbirda “Eng ko‘p beriladigan savollar” nomli yangi xizmat turining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Soliq qo‘mitasi saytiga joylashtirilgan bu xizmat orqali savol toifasini tanlagan holda kalit (asosiy) so‘z yoki iborani kiritib, soliq to‘lovchi o‘zining savoliga zarur javobni darhol olishi mumkin. Mazkur xizmatning bugungi kundagi bazasi uch yarim mingdan ortiq savol va ularga berilgan malakali javoblardan iborat.

Saytda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy investorlar uchun yaratilgan huquq va kafolatlar hamda soliq imtiyozlari haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Soliq to‘lovchilarning davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar haqidagi fikrlarini o‘rganib borish maqsadida saytda “So‘rovnoma” xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Tushayotgan taklif va istaklar dasturiy mahsulotlarni takomillashtirishda o‘z aksini topmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlardan 47 mingga yaqin jismoniy shaxs va 200 mingdan ortiq tashkilot va korxona faol foydalanib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yil yakuniga qadar interaktiv xizmat turlarini yigirma ikkitaga yetkazish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish markazi, shuningdek, “Soliq info” gazetasi hamda “Buxgalterga elektron madad (BEM)” loyihasi xodimlari va ko‘pgina interaktiv xizmatlarning mualliflaridan bevosita javob oldilar.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top