Infocom.uz

To‘qqiz oylik yakunlariga bag‘ishlandi

Majlisda Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar kompleksi sohalarining 2009 yil 9 oyi davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining ta’sirini bartaraf etish borasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati qarorlarining ijrosi, 2009 yilda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, investitsiya va “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi, Milliy teleradiokompaniya tizimida yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanish samaradorligini yanada oshirish, Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda hujjatlar bilan ishlashni takomillashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlash, mahalliy hokimlik organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish holati tahlili, yaratilayotgan axborot tizimlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish va elektron hujjat almashuvi joriy etilishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

2009 yilning o‘tgan davrida Kompleks bo‘yicha jami 1 367,94 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatildi. O‘sish sur’ati 2008 yilning shu davriga nisbatan 126,85 % ni tashkil etdi. Aholiga 820,49 mlrd. so‘mlik (141,6 %) pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 332,8 mlrd. so‘mlik (234,17 mln. AQSH dollari) mablag‘ o‘zlashtirildi yoki rejaga nisbatan 120 % ga bajarildi.

Eksport prognozi ko‘rsatkichlari 116,8 % ni tashkil qildi.

Kompleks tarkibidagi korxonalarning barqaror ishlashini ta’minlash, ularning eksport salohiyatini oshirish borasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi ijrosini so‘zsiz bajarish, mahsulot tannarxini kamaytirish maqsadida moddiy resurslardan oqilona foydalanish, yoqilg‘i va elektr quvvatini tejash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi hamda mahalliylashtirish va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish singari ustuvor dasturlarning bajarilishi, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Jizzax viloyati, Toshkent shahri va tuman hokimliklarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish holati muhokama qilindi hamda bu boradagi tadbirlar samaradorligini oshirish yo‘llari bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

Yig‘ilishda Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda hujjatlar, jumladan, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashni takomillashtirish, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kun tartibiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, bu borada rahbarlar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi va qarorlar qabul qilindi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top