Infocom.uz

Toshkentda Markaziy Yevroosiyodagi eng yirik kosmik texnologiyalar konferensiyasi yakuni tavfsilotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

     Joriy yilning 26-27- aprel kunlari O‘zbekiston ikkinchi bor xalqaro kosmik hamjamiyatga mezbonlik qildi. O‘zbekiston ikkinchi bor 30 dan ortiq davlatdan 250 dan ortiq kosmik korporatsiyalar, agentlik va qo‘mitalar vakillarining uchrashuv joyiga aylandi.

     O‘zbekkomos tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro konferensiyaning kun tartibi xalqaro hamkorlik va sarmoya, xavfsizlik, moliya, kosmik sohani tartibga solish, yangi sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, New Space industriyasidagi global tendensiyalar, Geoaxborot texnologiyalari, Yerni masofadan zondlash, sun’iy
yo‘ldoshli aloqa kabi mavzularni qamrab oldi.

     Mazkur konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad – kosmik soha bo‘yicha  mintaqaviy platforma yaratish hamda mazkur platforma doirasida xorijiy agentlik va kompaniyalar bilan kosmik sohani rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, sohaga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha xorijiy davlatlardagi tartibga solish me’yorlarini o‘rganish bo‘yicha fikr almashish, kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishda ko‘maklashish, kosmik texnologiyalarning iqtisodiy-ijtimoiy va xarbiylashgan sohalarda qo‘llash tajribasi bilan O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralarini tanishtirish hisoblanadi.

     Markaziy Osiyo kosmik texnologiyalari konferensiyasi doirasida Toshkentda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Monako, Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Turkiya va boshqa mamlakatlardan yetakchi kosmik agentliklarning rahbar va mutasaddilari ishtirok etdilar.

     Konferensiya doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan ekspertlar bilan mintaqada kosmik industriyani rivojlantirishning keyingi yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashilindi, O‘zbekistonda davlat kosmik monitoringi doirasidagi ishlarning umumiy natijalari yuzasidan taqdimot  o‘tkazildi, kompaniya va tashkilotlar bilan kosmik sohadagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi hamda tegishli xujjatlar imzolandi.

     Tadbir doirasida “O‘zbekkosmos” agentligi va Innovatsion rivojlanish agentligi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida O‘zbekistonda “CubeSat” ilmiy-ta’lim sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish va  uchirilishi rejalashtirilayotgani e’lon qilindi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – sun’iy yo‘ldoshni yaratish, yig‘ish, uchirish va kelgusida boshqarish bo‘yicha zaruriy salohiyatni yaratish hisoblanadi.

     Shuningdek, Turkiya, AQSh, Qozog‘iston va BAA bilan bir qator qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ularning aksariyati soha uchun yangi kadrlar tayyorlashga qaratilgan.

     Takidlash joizki, konferensiyada doirasida Xalqaro astronavtika federatsiyasi (IAF) ijrochi direktori K. Fixtinger bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “O‘zbekkosmos” agentligining federatsiyaga qo‘shilish jarayoni bo‘yicha ishlar boshlangani hamda federatsiya ko‘shilishning afzalliklari, jumladan, eng so‘nggi tadqiqot, tarmoq va ta’lim sohasidagi loyihalardan xabardor bo‘lish va bevosita ishtirok etish imkoniyatlarini
yaratilishi bo‘yicha ma’lumot almashildi.

Shu bilan birga, konferensiya doirasida Turkiy Davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo va kuzatuvchi davlatlar kosmik agentliklari va tegishli idoralari rahbarlarining 2-yig‘ilishi tashkil etildi. Mazkur yig‘ilish doirasida tomonlar o‘rtasida mamlakatlar milliy kosmik dasturlarni amalga oshirishda tajriba almashish, yoshlar uchun Turkiyaning Izmir shahrida joylashgan “Space Camp Turkie”  oromgohida ta’lim dasturini tashkil qilish, shuningdek, TDT a’zo davlatlarining qo‘shma sun’iy yo‘ldoshini uchirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqish masalalari  kelishib olindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top