Infocom.uz

Umumjahon pochta ittifoqi Bosh direktori Eduard Dayanning tabrigi

Pochta xizmatlari milliardlab insonlar va korxonalarning aloqa xizmatlariga bo‘lgan kundalik ehtiyojlarini hisobga olib, juda ko‘plab an’anaviy va yangi xizmatlarni taqdim etyapti. Ular kundan-kunga kommunikatsiyalar sohasida kuchlar taqsimotini o‘zgartirib yuborayotgan yangi texnologiyalar qarshisida chekinmagan holda sharoitga moslashib novatorlarcha faoliyat ko‘rsatishmoqda.

Jahonning taxminan 65 foiz milliy pochta operatori bugungi kunda onlayn xizmatlar ko‘rsatmoqda. Jumladan, ularning 16 foizi to‘lovlarni internet orqali amalga oshirishni, 13 foizi pochta yig‘imlarini onlayn to‘lashni, 10 foizi esa olinganligi elektron imzo bilan tasdiqlanadigan jo‘natmalar xizmatini taklif etyapti. Yana 12 foizi internet orqali mahsulotlar savdosini yo‘lga qo‘ygan. Va nihoyat, pochta xizmatlarining 40 foizida aholi uchun internetga ulanish maskanlari barpo etilgan. Yaqinda Umumjahon pochta ittifoqiga internetda nomlar va raqamlarni o‘zlashtirish bo‘yicha korporatsiya (ICANN) tomonidan yuqori darajali .post domeni berildi, bu pochta sohasining kiberolamda faoliyat boshlashiga mustahkam poydevor hisoblanib, ishonchli va hurmatga sazovor elektron pochta xizmatlari ishlab chiqish imkonini beradi.

Bu yo‘nalishda harakatdan to‘xtamasligimiz kerak. Butun dunyo miqyosida olib qaraganda, pochta xizmatlari tomonidan yiliga 438 milliarddan ortiq xatga ishlov beriladi, biroq jismoniy (an’anaviy) pochta o‘rnini elektron shakllisi egallashi va yaqinda bo‘lib o‘tgan iqtisodiy inqiroz oqibatida jo‘natmalar soni kamayishi to‘xtamayapti (ayniqsa, sanoati rivojlangan mamlakatlarda va iqtisodiyot holati nuqtai nazaridan olib qaraganda).

Agarda qisqartirish zarurati tug‘ilgan taqdirda ham jismoniy pochta bir kunda yo‘q bo‘lishi mumkin emas. Aksincha, pochta operatorlari xizmatlarini shaylagan holda kelajakka boqishmoqda. Elektron savdoning rivojlanishi jo‘natmalar hajmi oshishiga olib keldi. Aksariyat mamlakatlarda onlayn savdolar hisobiga jo‘natilayotgan pochta hajmi yiliga 20 foizga o‘smoqda. Bundan tashqari, pochta xizmatlari mijozlarning ehtiyojlariga mos keluvchi elektron shakldagi moliyaviy, logistika, ma’muriy va boshqa xizmatlarni tobora ko‘proq joriy etishyapti.

Bu pochta xizmatlarining natijasi o‘laroq, jamiyatda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilib, kichik biznes qo‘llab-quvvatlanyapti. Braziliyaning 5561 kommunasi (ma’muriy birlik)da o‘tkazilgan o‘rganishlarning ko‘rsatishicha, pochta banki filiallari ochilgan kommunalarning har birida to‘rt yilda ish o‘rinlari soni 14 foizga oshgan, kichik va o‘rta biznes korxonalari soni 23 foizga ko‘paygan. Umuman olganda, iqtisodchilarning nazarida, pochta xizmatlarining mamlakat yalpi ichki milliy mahsulotidagi ulushi 1 foizdan kam bo‘lmaydi.

Har yili nishonlash an’anaga aylangan 9 oktabr – Umumjahon pochta kunida, keling, pochtani nafaqat milliardlab fuqarolar va korxonalarning kundalik hayotidagi dolzarb va foydali aloqa vositasi, balki iqtisodiyotning muhim omili sifatida ham esga olaylik.

Manba: http://www.pochta.uz/

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top