Infocom.uz

UZREPORT.COM BIRINCHI O‘ZBEK ON-LINE NASHRI: KECHA VA BUGUN

Natijada bugun an’anaviy axborot muhitidan farqli bo‘lgan global axborot bozori shakllanmoqda. Mazkur muhitning vujudga kelishi mobaynida bu yerda o‘ziga yarasha siyosat, iqtisod hamda ijtimoiy munosabatlar shakllanib, ular o‘z navbatida izchil va chuqur tadqiqod va alohida izlanishlarni talab etmoqda.

Shu sababdan yangi global axborot muhiti va uning tarkibiy qismlari, xususan Internet-nashrlari, reklama va on-line tartibda faoliyat yurituvchi axborot agentliklarini o‘rganish masalasi dolzarblik kasb etmoqda.

Milliy bozorimizda faoliyat yurita boshlagan dastlabki on-line nashrlardan biri bu – Uzreport.com Internet portalidir. Mazkur elektron nashrning bir necha jihatlari uni alohida o‘rganishga zamin yaratadi. Avvalo Uzreport.com – mamlakatimiz iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayoti haqida ma’lumot beruvchi, birinchi Internet sayti sanaladi. Ikkinchidan, u nafaqat davlatimizga tegishli axborotlar manbai, balki faoliyatida tashqi iqtisodiy siyosatga yo‘naltirilganlik vazifasi ham mavjud. Uchinchidan, ushbu nashr, yangi jurnalistikaning ko‘rinishi bo‘lmish, Internet yoki on-line jurnalistikani o‘z faoliyatiga asos qilib olgan, milliy nashr sanaladi.

Internetdan joy olgan media resurslarni tavsiflaganda, ularning bir-biridan farq qiluvchi bir necha jihati mavjudligini inobatga olish zarur. Ommaviy axborot vositalari veb muhitda o‘z sahifasini ochar ekan, unga bir necha funksiyani yuklashlari mumkin. Ba’zi ommaviy axborot vositalari Internetda an’anaviy nashrining elektron variantini joylashtirsa, ba’zilari tahririyat haqida ma’lumot beruvchi korporativ sahifani ochadi va u o‘ziga yarasha visit card vazifasini o‘taydi. Lekin, ayni davrda alohida e’tiborga to‘liq on-line rejimida faoliyat yurituvchi elektron resurslarga qaratilmoqda.
Bu nuqtai nazardan Uzreport nashri off-line ko‘rinishga ega bo‘lmagan, elektron rejimda axborot tarqatuvchi on-line nashr sanaladi. Mazmun jihatdan Internet nashrlar: axborot, tahliliy, ko‘ngilochar manbalarga bo‘linsa, texnik tomondan ular sayt, veb-portal, ma’lumot yuborish xizmati kabilarga ajratiladi. Tahlilimiz ob’ekti bo‘lmish Uzreport.com – axborot portali sanalib, o‘z tarkibiga bir necha sayt va elektron xizmatlarni mujassam etadi. Xususan, bu yerdan, UzReport.daily yangiliklar manbai, UzExport.com, UzLaws.com, UzJobs.com, UzLand.com, UzBrand.com saytlari va turli mahsulotlarning elektron rastasi bo‘lgan Internet magazin o‘rin olgan. Mazkur resurslarga portalning istalgan nuqtasidan chiqish imkoniyati yaratilgan.

UzReport.daily – yangiliklar manbai: jurnalistik xususiyatlari
va axborot bozorida tutgan o‘rni
Portalning barcha saytlari orasida asl jurnalistik vazifani UzReport daily axborot resursi bajaradi. U ixtisoslashgan kundalik biznes nashri sanaladi. Bu sayt [url=http://www.Uzreport.com]www.Uzreport.com[/url] portalining asoschisi bo‘lib, portalning kengayishi aynan shu axborot resursining ommaviylashuvi bilan bog‘liq. 1999 yil bu kabi elektron axborot manbaining yo‘qligi uning tez va keng tarqalishiga sabab bo‘ldi.

pic

2004 yil boshida sayt mazmunan va texnik jihatdan yangilanib, hozirgi vaqtda O‘zbekiston veb-nashrlari orasida yetakchi o‘rinni egalashga ulgurdi. Mazkur axborot resursiga tavsif berishda, quyidagilarni e’tirof etmoq joiz. UzReport daily mamlakat iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida ro‘y berayotgan muhim voqealarni yoritishga yo‘naltirilgan bo‘lib, asosiy e’tiborni iqtisodiy mavzuga qaratgan. Tahririyatning asosiy maqsad va vazifalari Respublikada olib borilayotgan islohotlarni kuzatib borish, uni Internet sahifalarida tezkor yoritish hamda chet el sarmoyalarining kiritilishi uchun axborot ta’minoti va ko‘magini ko‘rsatishdan iborat. Shuningdek, sayt o‘quvchilarni davlatimizning moliyaviy, turistik imkoniyatlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalari bilan tanishtiradi.

Ta’kidlash kerak-ki, veb-saytning tuzilishi uning yo‘nalishi va vazifalariga mos ravishda ishlab chiqilgan. Dizayn jihatdan sahifa uch: o‘ng, chap va markaziy qismlarga ajratilgan. Yangiliklarni o‘qishga xalaqit beruvchi reklama bennerlari yoki annimatsiya vositalari yo‘q. Bosh sahifa asosan oxirgi va eng muhim yangiliklar sarlavhasi hamda lidlardan iborat. Shu tariqa, so‘nggi yangiliklar (yuqori qism) rasmiy ma’lumotlar, biznes xabarlaridan iborat bo‘lib, ko‘p hollarda fotosurat bilan beriladi. Yangiliklar lentasi esa (pastki qism) qisqa va aniq sarlavhalar orqali bir qancha muhim voqealar bilan tanishtirishga mo‘ljallangan bo‘lib, shu joyning o‘zidan to‘liq matnga chiqish imkoniyatini beradi.

Veb-sahifaning menyusi, boshqa saytlardan farqli o‘laroq, ikkiga: 1-saytning ruknlari, 2-sayt xizmatlari sohalariga bo‘linadi. Sahifada shuningdek, valyuta, biznes ko‘rsatkichlar, statistik ma’lumotlarni o‘zida jamlagan informerlar taqdim etilgan. Kuzatishlar shuni ko‘rsatdiki, har bir rukn kuniga o‘rtacha, 1-2 marotaba yangilanadi. Veb-sahifaning tashkiloti o‘quvchiga kerakli ma’lumotni tez va oson topishga yordam berishi mumkin, ammo saytda boshqa o‘xshash server yoki axborot resurslariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatining yo‘qligi, ma’lumotlar qamrovini biroz chegaralaydi.

pic

2004 yildan Internet nashr yangicha ishlash uslubiga o‘tishi bilan xarakterli o‘zgarishlardan yana biri unda pulli ma’lumotlarning ko‘paygani bo‘ldi. Sayt sahifalarida pulli materiallardan foydalanishning turli tariflari taklif etila boshladi. Qaysi tarif tanlanishiga qarab, axborotlarning ma’lum bir hajmi va ishlatish imkoniyati belgilanadi. Bu xil ma’lumotlar pulli axborot olishga obuna bo‘lgan foydalanuvchilarga elektron pochta orqali yuboriladi. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, pulli ma’lumotlar sonining ortishi veb-saytning ommaviy-axborot manbaidan, ixtisoslashgan veb-nashrga aylantirdi, sababi, bu yerda aniq iqtisodiy axborotlar ko‘pchilikni tashkil eta boshladi.

Janr jihatdan tahlil qilinganda, barcha Internet nashrlarda bo‘lgani kabi, mazkur veb-sahifada ham axborot va tahliliy uslublarning yetakchiligi namoyon bo‘ladi. Yo‘nalish borasida aytish mumkinki, UzReport daily biznes mavzusidagi tahliliy materiallarga boyligi bilan ajralib turadi. Masalan, bir kunda e’lon qilingan 10 materialning yarmidan ko‘pi tahliliy maqola bo‘lsa, qolgani mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid xabarlardan iborat. O‘zbek saytlarida ma’lumotlar kuniga o‘rtacha, 2-4 marta yangilansa, mazkur veb-sahifada bu ko‘rsatkich 5-7 darajagacha ko‘tariladi. Ushbu dinamikani me’yoriy deb hisoblasa bo‘ladi, negaki, bizning nashrlar ma’lumotlarni qayta tekshirish asosida tasdiqlab, so‘ng e’lon qiladi.

pic

E’tiborli jihati shundaki, veb-sayt sahifalarida ma’lumotlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida barobar taqdim etishga intilish seziladi, vaholanki, boshqa aksariyat veb-nashrlarida o‘zbek tiliga qaraganda, rus va ingliz tillari birlamchi bo‘lib qolgan.

Mamlakatimizda on-line nashrlar asta-sekin ma’lum sifat xusutsiyatlariga ega bo‘lib bormoqda. Dastlab faqatgina korporativ sahifalardan iborat bo‘lgan o‘zbek veb-nashrlarining ko‘rinishlari bugun ancha ortgan. Bundan tashqari mamlakatimiz axborot bozorida mazkur “jurnalistik mahsulotlar” – tovar darajasiga ega bo‘lib o‘z iste’molchisini topmoqda.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top