Infocom.uz

Vazifamiz qishloq joylarida sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini taqdim etishdir

Sohada bu borada ko’pgina ishlar amalga oshirilmoqda, “O’zbektelekom” AK “Toshkent Telekom” filiali faoliyatida olib borilayotgan ishlar shular jumlasidandir. “Toshkent Telekom” filiali O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 27-dekabrdagi “O’zbektelekom” AK xususiylashtirishga tayyorgarlik ko’rish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 488-sonli qaroriga muvofiq hududiy filial shaklida faoliyat yuritib kelmoqda. Filial tarkibiga 18 ta: telekommunikatsiya bog’lamalari mavjud. Ular qatoriga, xususan, Oqqo’rg’on, Do’stobod, Zafar, G’azalkent, Keles, Qibray, Olmaliq, Piskent, Bo’ka, Yangibozor, Parkent, Yangiyo’l, Chinoz, To’ytepa, Angren, Oxangaron, Zangiota va Bekobod tumanlari telekommunikatsiya bog’lamalari kiradi.

pic

2008-yil “Toshkent Telekom” filiali tomonidan is’temolchilarga sifatli telekommunikatsiya xizmatlarini ko’rsatish bo’yicha qator loyihalar amalga oshirildi. “O’zbektelekom” AK hamda Xitoy Xalq Respublikasining “ZTE” korporatsiyasi o’rtasida imzolangan 95.719 AQSh dollari miqdoridagi shartnoma doirasida Toshkent viloyati Bo’stonliq tumanidagi Ozodbosh, Tovoqsoy, Iskandar, Burchimulla va Sijjak aholi maskanlarida ma’naviy va texnik jihatdan eskirgan analog telefon stansiyalari sig’imi 2438 abonent raqamiga teng bo’lgan zamonaviy, ya’ni raqamli kommutatsiya stansiyalariga almashtirildi.

Bo’stonliq tumanidagi Nanay va Chimyon, Yangiyo’l tumanidagi Ortiqova, Tursunqulova, Tinchlik, Bekobod tumanidagi Dalverzin, Oybek va Avangard, Parkent tumanidagi Boyqozon, Bo’ka tumanidagi Achamayli, Yuqorichirchiq tumanidagi Jumabozor, Oqqo’rg’on tumanidagi Madaniyat aholi maskanlarida eskirgan analog telefon stansiyalarini mahalliylashtirish dasturi asosida ishlab chiqarilayotgan “Koinot” OAJ “El-SGM” rusumidagi raqamli abonent konsentratorlariga almashtirildi.

pic

Bo’stonliq tumanidagi geografik jihatdan noqulay relyeflarda joylashgan Nanay, Burchimulla, Sijjak va Chimyon aholi maskanlariga o’rnatilgan raqamli ATS’larni tuman markaziy ATS bilan ulanishini ta’minlash uchun stansiyalararo bog’lovchi liniyalarini “O’zbektelekom”AK hamda Delaney Global Ltd. kompaniyasi o’rtasida imzolangan va umumiy shartnoma summasi 67.088 AQSh dollardagi “Winlink-1000” raqamli radiorele qurilmalari asosida jihozlandi.

Mazkur hududlarda joylashgan aholi, korxona va tashkilotlarga shaharlararo hamda xalqaro aloqaning avtomatik bog’lanishini tashkil etishga imkoniyat yaratildi. Natijada qishloq hududidagi iste’molchilarga ko’rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlarining sifati oshirib, turdosh aloqa xizmatlarini ko’rsatish yo’lga qo’yilishiga erishilmoqda.

Bugungi kunda, Toshkent viloyatining mahalliy telekommunikatsiya tarmog’ida raqamlashtirish darajasini 85.4 foiz yoki 2008-yil boshiga nisbatan 4,9 foizga oshirishga erishildi.

Toshkent viloyati Olmaliq shahri va aholi maskanlarida eng so’nggi rusumdagi xizmatlarni taqdim etish bo’yicha ham ishlar olib borildi. Xususan, “O’zbektelekom” AK “O’zbektelekom Mobayl” filiali bilan hamkorlikda CDMA-450 standartidagi simsiz tarmog’i asosida “Toshkent Telekom” filiali Olmaliq telekommunikatsiyalar bog’lamasi mijozlariga simsiz mutloq aloqa xizmatlarini ko’rsatish yo’lga qo’yildi. Endilikda, shu hududlar aholisining aloqa xizmatlariga bo’lgan talablari, buyurtmanomalarini qisqa vaqt ichida tashkil etish, ularga xizmat ko’rsatishda turli imtiyozlar asosida aloqani ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, mijozlar uchun, bugungi kunda, “ZTE” korporatsiyasi ishlab chiqarilgan 1500 dona simsiz statsionar terminallar keltirilgan.

pic

Mazkur terminallar orqali mijozning uyigacha kabel tortilishi talab qilinmaydi va deyarli an’anaviy telefon aloqasi singari barcha funksiya va qo’shimcha xizmat ko’rsatish imkoniyatlarini beradi.

Viloyat aholisining Internet xizmatlariga ortib borayotgan talablarini qondirish uchun filial tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keng polosali Internet xizmatlarini joriy qilish, korporativ ma’lumotni uzatish – VPN tarmoqlarini loyihalashtirish borasida WiMax texnologiyasi asosidagi simsiz radiotarmoqni qurish bo’yicha BrezeeMAX-3500 rusumdagi qurilmalar o’rnatildi va ikkita CDMA-450 baza stansiyalari uchun stansiyalararo aloqa va tarmoq resurslari tashkil etildi. “Toshkent Telekom” filiali mijozlari uchun ko’rsatilayotgan aloqa xizmatlari uchun hisob-kitob, to’lovlar jarayonlar tezkorligini amalga oshirish borasida filial tomonidan 2008-yil avtomatlashgan hisoblash billing tizimi ishga tushirildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-apreldagi “2006-2010 yillarda xizmat ko’rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi va 2007-yil 21-maydagi “O’zbekiston Respublikasida 2010-yilgacha bo’lgan davrda xizmat ko’rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorlarga muvofiq, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlariga ko’maklashish, aholini ish bilan ta’minlash va joylarda turli aloqa hamda axborotlashtirish xizmatlarini ko’rsatish bo’yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, mijozlarga aloqa xizmatlarini ko’rsatuvchi xo’jalik subyektlariga filialning aloqa bog’lamalaridagi qishloq telefon stansiyalarida foydalanilayotgan kichik turli sig’imdagi (sig’imi 1000 raqamli va 256 raqamli) analog telefon stansiyalari inshootlari, ularni liniya-kabel xo’jaligi bilan birga ijaraga berish mexanizmi ishga tushgan.

pic

Hozirgi kunda viloyatning Bo’stonliq, Parkent, Qibray, Zangiota, Yangiyo’l va O’rtachirchiq tumanlarida xo’jalik subyektlari faoliyat yuritilayotgan bo’lib, ularning soni va mavqeyi tobora kengayib bormoqda. 2009-yilda filial oldida qator ustuvor vazifalar belgilangan.

Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 21-yanvardagi “Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi PQ-1041-son va 2009-yil 26-yanvardagi “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturi to’g’risida”gi PQ-1046-son qarorlarida belgilangan loyihalar hamda chora-tadbirlarni amalga oshirish, ayniqsa, qishloq joylarida telekommunikatsiya xizmati sifatini tubdan yaxshilash va telekommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, telekommunikatsiya xizmatlari bozorida kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top