Infocom.uz

Vazirlar Mahkamasida uchrashuv

Uchrashuv chog‘ida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga oid masalalar bo‘yicha hamkorlikning bugungi holati va istiqboli muhokama etildi.

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan dasturlarga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida maxsus memorandumni tayyorlash Microsoft korporatsiyasi mahsulotlariini mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalariga imtiyozli ravishda taqdim etish imkonini berishi qayd etildi. Bunda Microsoft mahsulotlari interfeysini o‘zbek tiliga o‘girish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega.

Axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham fikr almashildi. O‘zbekistonda har yili axborot-kommunikatsiya sohasida uch yarim ming nafardan ortiq mutaxassis tayyorlanayotgani va bu mamlakatimizda dasturiy mahsulotlar sanoatini yanada rivojlantirish uchun zamin yaratishi, Microsoft korporatsiyasi ushbu imkoniyatdan samarali foydalanishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulkni va mualliflik huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama etildi. Microsoft korporatsiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda, shuningdek, xakerlar va virus hujumlaridan himoya qilish masalalarida o‘z mutaxassislari ishtirokida turli seminarlar va treninglar o‘tkazish taklif etildi.

Davlat boshqaruviga axborot texnologiyalarini joriy etish masalalarida hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishda Microsoft korporatsiyasi bilan “Innovatsion hukumat” dasturini joriy etish bo‘yicha memorandum tayyorlash va ushbu dasturni O‘zbekistonda amalga oshirish mexanizmi bilan bog‘liq imkoniyatlar qayd etildi.

Bundan tashqari, Microsoft korporatsiyasi vakillariga Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash markazi hamda “UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi huzuridagi Kompyuter mojarolariga munosabat bildirish xizmati tashabbuslarini amalga oshirish uchun hamkorlikni yanada kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: