Infocom.uz

Velosiped ijarasi raqamli transformatsiya shakli sifatida

Kalit so’zlar: Bekatsiz velosipedlar ulashish tizimi, atrof-muhit tozaligi, GPS texnologiyasi, e-bike, IoT, Mobike, HelloBike, mobil to’lovlar.

Velosipedlar ulashish bozori velosiped turiga qarab, an’anaviy va elektron velosipedlar, ulashish tizimga ko’ra bekatli va bekatsiz turlarga ajratiladi. Bugun sizlarga yangi turdagi, dunyo shaharlarini tobora egallab borayotgan bekatsiz velosipedlar ulashish tizimi haqida gaplashamiz. Albatta, ulkan shaharlarda avtomobillar ko’pligi tufayli o’z manziliga yetib borish uchun uzoq vaqt yo’llardagi tirbandliklarga duch kelish mumkin. Yangi turdagi velosipedlarni ulashish tizimi esa tezkor va qulay, arzon narx bilan o’z manziliga yetib olish imkoniyatini beradi. Eng asosiysi esa foydalanuvchi velosipedni istagan jamoat joylarida qoldirishi mumkin.

Albatta, global pandemiya ushbu bozorga katta salbiy ta’sir o’tkazib ko’plab kompaniyalar yopilishiga sabab bo’lgan. Shunday bo’lsada, karantin holati bekor bo’lishi bilan vaziyat yana o’z iziga tushmoqda. 2020-yilda velosiped ulashish bozori dunyo bo’ylab 3 milliard dollarni tashkil etgan. 2022-yilda ushbu sohadan daromad miqdori qariyb 5 milliard dollarga yetmoqda. 2026-yilga borib esa bu ko’rsatgich 8 milliard dollarga yetishi tahmin qilinmoqda.

Albatta, atrof-muhitni himoya qilish va ekologik harakatlanishga talab katta bo’lgan Xitoy va Hindistonga ushbu transport vositalariga talab o’sib bormoqda. Birgina Xitoy misolida aytish mumkinki, mamlakat dunyodagi eng katta elektron velosiped bozori va eng yirik eksportyor hisoblanadi.

Birgina elektr divigatellik velosipedlar ulashish bozoriga qaraydigan bo’lsak, u yerda Uber, Lyft, Hellobike, DiDi Bike va Youon Bikelar yetakchilik qilmoqda. 2021-yil aprel oyida Didi 23 milliard dollar fandrayzing mablag`larini jamg‘argan.

2019-yilda 2.4 milliard dollargaga baholangan Lime kompaniyasi hozirda elektron velosiped va skuterlarni yo’lga qo’ygan. 2021-yil aprel oyida kompaniya Tayms jurnali tomonidan yilning eng nufuzli kompaniyalari 100taligiga kiritiladi.

Velosipedlar soni bo’yicha Mobike eng yirik bekatsiz velosiped ijara kompanisi hisbolanadi. Hamda u elektr dvigatelda harakatlanigan velosipedlarni taklif etgan eng birinchi kompaniya hisoblanadi. Hozirgi kunda San-Fransisko ko’chalarida Uber tomonidan sotib olingan Jump va Ford GoBikelar elektr velosipedlarini uchratish mumkin.

Mobike asoschisi Hu Weiwei fikricha e-velosipedlar yaqin orada an’anaviy velosipedlar o’rnini to’ldiradi. Shuningdek, ular mashinalarga kamroq suyanib, atrof-muhitni asragan holda shahar hayotini yaxshilashi mumkin deb hisoblaydi.

Omadsiz velosiped ijarasi kompaniyalari – Ofo

Ofo dunyodagi ilk bekatsiz velosiped sheyring kompaniyasi bo’lib, u 2014-yilda Peking universiteti bitiruvchisi Dai Wei tomonidan asos solingan. Kompaniya dastlab velosipedlarni Pekin shahrida ijaraga berishni boshlaydi. 2017-yilga kelib esa Ofo dunyoning 20 davlatidagi 250 shaharda 10 milliondan oshiqroq velosipedlar ijarasini yo’lga qo’yadi. Kompaniya 2 milliard dollarga baholangan va global miqyosda 63 million oylik foydalanuvchilarga ega bo’lgan.

Mijozlar o’z smartfonlarida yaqinroqda joylashgan velosipedni topishlari mumkin bo’lgan. Har bir velosiped o’tirgichi ostida QR kodli ramka mavjud. Ushbu QR kod skaner qilinadi va ulovning qulfi ochiladi. Har bir sariq velosiped o’z joylashuvini sun’iy yo’ldosh orqali ma’lum qilib boradi. Foydalanuvchilar velosipedda o’zlari istagan manzilga yetib borgach, o’z kredit kartalari orqali to’lovni amalga oshirishlari mumkin. Ular ulovlarni istagan joyda qoldirib, qulflashlari mumkin. Keyingi foydalanuvchi ham undan QR kodni skanerlash orqali foydalanadi. Velosipedlardagi chiplar Huawei va China Telecom tomonidan ishlab chiqilgan NarrowBand IOT orqali quvvatlanadi.

Ofo o’z foydalanuvchilari uchun, ixcham va qulay, arzon va ekologiyaga ziyon keltirmaydigan yashil texnologiyani taklif etadi. Ofoning shiori – dunyoning istagan burchagini ochib, foydalanuvchilar uchun velosipedlarni istagan joyda va istagan vaqtda mavjudligini ta’minlash. 2018-yilda Didi va Ant Financial Ofoni 2 mrd $ga sotib olishni taklif etadi. Ammo Dai Wei hatto 10 mrdga ham sotmasligini aytadi. Shu paytda kompaniyaning bozordagi asosiy raqobatchisi Mobike ulkan suratlar bilan o’sib boradi va Ofo foydalanuvchilari Mobikeni afzal ko’ra boshlashadi.

Depozitdagi mablag`larni qaytarib olishni istagan mijozlar talablarini bajara olmagan kompaniya 2018-yil dekabrida bankrotlik holatini e’lon qiladi. Gap shundaki, Ofoda velosiped ijaraga olishni istagan mijozlar avvaliga taxminan 30 dollarlik deposit qo’yishlari talab etilar edi. Bu depositni esa bir yildan so’ng qaytarib olish mumkin edi. O’zingiz o’ylab ko’ring, har oyda 60 million foydalanuvchisiga ega ega platformada hamma depozitini qaytarib olsa qancha bo’ladi. Shunday qilib kompaniya haligacha mijozlardan qarzlarini uza olgani yo’q.

Omadli velosiped ijarasi kompaniyalari – Mobike

Mobikega 2015-yilda journalist ayol Hu Weiwei tomonidan asos solingan. Hamasoschi Davis Wang esa kompaniya ijrochi direktori hisoblangan. Kompaniya bosh ofisi Pekinda joylashgan. 2016-yil dekabrda Mobike Shanghayni dunyodagi eng yirik velosiped ijaraga olinadigan shaharga aylantiradi.

Bu Tencent kompaniyasi 600 mln dollar fandrayzing mablag`larini Mobikega o’tkazadi. 2017-yil oxirida Mobike fandrayzing miqdorini 1mrd dollarga yetkazdi. 2018-yil aprel oyida Xitoyning Meituan-Dianping veb kompaniyasi Mobikeni 2.7 mrd dollarga xarid qiladi. 2018-yil avgustida Mobike velosipedlarning elektrik shaklini chiqardi. Bunda foydalanuvchilar ulovni nafaqat pedallar orqali, balkim, uni moped shaklida harakatlantirishlari mumkin. Elektr dvigatelda harakatlanadigan velosipedning maksimal tezligi soatiga 20 kilometrni tashkil etadi. Kompaniya vakillari ma’lum qilishicha bu avtomobillar shaharlarda harakatlanishi uchun belgilangan tezlikdan 5 kmga kamroq. Takidlab o’tish joizki, Xitoy shaharlarida avtomobillar harakatlanish tezligi 25-30 kilometrni tashkil etadi. Shuning uchun bunday transport vositalaridan foydalanish mutlaqo xavfsizdir.
Elektrik quvvat pedalni uch marta aylantirganda, to’liq elektrik harakatlanishga esa ruldagi tugmachani bosish orqali erishiladi. Velosipedning gibrid quvvat orqali harakatlanish masofasi 70 km, faqat elektr dvigatel orqali harakatlanishi 30 kmni tashkil qiladi. Ushbu yangi turdagi velosiped rulida smartfonlarni joylashtirish mumkin bo’lgan ushlagich moslama bor. Bu ulovni boshqarayotgan vaqtda GPS navigatsiyasidan qulay foydalanish imkonini beradi.

Elektr dvigatellik Mobike

2018-yilda Mobike dunyoning 19 davlatidagi 200dan ortiq shaharda 9 milliondan ortiq velosipedlari bilan xizmat ko’rsatmoqda. Mobike velosipedlarini afzalliklaridan biri shundaki, ular nihoyatda chidamli, uncha-munchaga buzilmaydigan pedal va tormoz tizimiga ega. Tormoz tizimining o’zi 10 000 km masofagacha yurish kafolatiga ega. Uning g`ildiragi havosiz, chidamli materialdan tayyorlangan. Har bir velosipedning og`irligi 25kg. Mobike Lite avlodi velosipedlari QR-qulfi va GPS navigatsiyasini quvvatlash uchun quyosh batareyalaridan foydalanadi.

Mobike Lite

Foydalanuvchi smarfoniga Mobike ilovasini o’rnatadi. Keyin esa telefon raqami bilan ro’yhatdan o’tadi. Kredit kartasini kiritadi. Mobike velosipedlaridan foydalanish uchun qulf ustidagi QR-kod skanerlanadi. Keyin esa qulf ochiladi. Ilova bosib o’tilgan masofa va vaqtni hisoblaydi va foydalanuvchi akkauntidan belgilangan pulni olib qoladi. O’z manziliga yetgan foydalanuvchi oxirida velosipedni qulflaydi. Mobike foydalanuvchini baholash tizimiga ega. Unda foydalanuvchilar yaxshi harakatlari, ya’ni velosipeddagi nosozliklarni xabar berish, belgilangan hududga parkovka qilish kabilar uchun ballar bilan mukofotlanishadi. Tizim uchun nojoya harakat qilgan foydalanuvchilarning akkauntlari muzlatib qo’yilishi mumkin. Mobike velosipedlarga internet orqali bog`lanish uchun Qualcomm va Gemalto kompaniyalari ishlab chiqaradigan IoT chiplaridan foydalanadi.

Xulosa o‘rnida shuni takidlab o‘tish joizki, bekatsiz velosiped ulashish bozori o‘sib bormoqda. Raqobatchilar yildan yilga arzonroq narxlar, ixcham dizayn va elektr dvigatelda harakatlanadigan modellarni taklif etmoqda. Bu o‘z navbatida ushbu bozor subyektlari uchun moslashuvchan moliya modelini tanlashlari va o‘z mahsulotlarini diversifikatsiya qilishlariga tog‘ri keladi. Bundan tashqari, velosipedlar tannarxlari, ularning uzoq xizmat qilish modeli kompaniyalar moliyaviy jihatdan jon saqlab qolishlari kaliti bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ofo kompaniyasi misolida ko‘rish mumkinki, kompaniya taqdim etgan velosipedlarning ko‘pchiligi yengil va qulay bo‘lsada, ehtiyot qismlari tez ishdan chiqar edi. Bu sarf-harajatlar oshishiga va foyda kamayishiga olib kelgan. Shuningdek, kompaniya menejmentining investitsiya va fandrayzing bo‘yicha qarorlari uni zavolga yuz tutishiga sabab bo‘lgan. Mobike misolida mutlaqo teskari vaziyatning guvohi bo‘lishimiz mumkin. Kompaniya o‘z mahsulotlari chidamliligini ta’minlagan va fandrayzing bo‘yicha to‘g‘ri qarorlar qabul qilib, o‘z vaqtida aksiyalarini sotishga muvaffaq bo‘lgan.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top