Axborot jarayonlari (yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash, qidirish va tarqatish)ni amalga oshiruvchi ilmiy-axborot faoliyat sohalarida ma’lumotnoma (bildirgich) adabiyotlarning ahamiyati nihoyatda katta. Bildirgich adabiyotlarning tasnifi o‘ta shartli bo‘lib, ko‘pincha quyidagi guruhlar alohida ajratib ko‘rsatiladi:
1. Ensiklopediya (qomus)lar va ensiklopedik lug‘atlar;
2. Lug‘atlar: lingvistik va orfografik (o‘quvchilarbop lug‘atlar bundan tashqari), so‘zlashgichlar hamda terminologik lug‘atlar;
3. Siyosiy-iqtisodiy bildirgichlar: siyosiy, jo‘g‘rofiy, statistik va boshqa umumiy xarakterdagi ma’lumotnomalar;
4. Turli axborot-bildirgich adabiyotlar (adabiyot ko‘rsatkichlari, oliy o‘quv yurtlariga kiruvchilar uchun spravochniklar va boshqalar).
Ma’lumotnoma adabiyotlar tizimida qomusiy va lug‘atchilik nashrlari alohida o‘rin tutadi. Negaki, ular o‘quvchiga katta hajmdagi ma’lumotlarni qisqa axborot ko‘rinishida taqdim etadi. Ensiklopediyalarni “quyuqlashgan inson bilimlari” deb atalishi ham bejiz emas. “Har qanday qomus – kitob, ammo har qanday kitob – qomus emas”, – degan donolar.Ensiklopediya (yunoncha enkykliospaideia – bilimlar doirasi), qomus muayyan tizimga solingan keng qamrovli bilimlar to‘plami, ilmiy yoki ilmiy ommabop nashrdir. “Ensiklopediya” terminining ma’nosi tarixiy davrlar mobaynida o‘zgacha ta’riflangan. Qadimgi Yunonistonda u “yetti erkin san’at” deb atalib, grammatika, ritorika, logika, geometriya, arifmetika, musiqa va astronomiyaga oid elementar bilimlar majmuini anglatgan. XYI asrda bu termin G‘arbiy Evropada turli bilimlar majmui yoki bilimlar tasnifi ma’nosida (XYIII asrda ham) ishlatilgan.
Hozirgi paytda bu termin fanning barcha sohalari bo‘yicha (universal ensiklopediya) yoki biror soha (soha ensiklopediyasi) yoxud amaliy faoliyat bo‘yicha eng muhim ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi nashrni anglatadi. Undagi materiallar esa asosan tematik yoki alfavit tartibida beriladi.
Ensiklopediya nashr qilish har bir millat tarixida katta voqea hisoblanib kelingan, shunday bo‘lib qoladi ham. Zero, bunday yaratuvchilik, ijodkorlik avvalambor, katta ilmiy, qolaversa, madaniy-tarbiyaviy, ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik. Xalq orasida esa ilmu fanning, umuman hayotning turli jabhalariga oid bilimlarni ko‘proq o‘zlashtirgan insonlarga nisbatan odatda, “tirik ensiklopediya” iborasi qo‘llaniladi.
Jahon ensiklopediyalari tarixidan
Ensiklopediya – jahon ilmu fan taraqqiyotining ajralmas yo‘ldoshidir. Qadimdan (Antik davr, O‘rta asrlar, hozirgi zamonda) dunyoning turli xalqlari tillarida ensiklopediyalar yaratilgan. Ularda doimo davr ruhi o‘z aksini topgan.
Qomusiy xarakterdagi asarlar dastlab, Xitoyda (taxminan, miloddan avvalgi XII-X asrlarda) paydo bo‘lgan. Qadimgi Misrda lug‘atlar miloddan avvalgi ikkiminginchi yillarning ikkinchi choragida vujudga kelgan. Yunonistonda Demokrit va Aristotel asarlari ensiklopedik xarakterdagi asarlar hisoblangan.
O‘rta Osiyoning buyuk allomalari – Muhammmad Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammmad Bobur asarlari ham o‘z davridagi bilimlarni atroflicha qamrab olgan. Ular jahon fani tarixida qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki betakror insoniy zakovat va iste’dod egalari sifatida o‘z davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shug‘ullanib, turli sohalarga oid mukammal asarlar yaratganlar. Ulug‘ allomalarning ilmiy merosi jahon qomuschilik tarixiga qimmatbaho hissa bo‘lib qo‘shilgan. Dunyodagi ko‘pgina xalqlar bahramand bo‘lgan asarlari faqat mazmun jihatidan emas, kitobat san’ati bilan ham nodir hisoblanadi.
XYII asrning birinchi yarmida Angliyada ikkita texnik ensiklopediya nashr etilgan. Bular: J.Xarrisning “Texnik leksikon”i va E.Cheymbersning “Siklopediya”si. 1751-80 yillarda 35 tom bo‘lib chiqqan “Ensiklopediya yoki fan, san’at va kasb-hunarlarning izohli lug‘ati”ning yuzaga kelishi Fransiya tarixida yirik ijtimoiy-siyosiy voqea bo‘lgan. Uni yaratishda mashhur faylasuf D.Didro (1713-1784) boshchilik qilgan, J.D’Alamber unga yaqindan yordam bergan. Lug‘atni tayyorlashda bir guruh ilg‘or fransuz faylasuflari, yozuvchilari va tabiatshunoslari ham faol qatnashgan. “Britaniya ensiklopediyasi”ning birinchi nashri 1768-71 yillarda shotland matbaachisi U.Smelli tomonidan uch jild qilib Edinburg shahrida chiqarilgan. “Britannika” 1929 yilgacha hammasi bo‘lib 14 marta nashr etilgan (oxirgi nashri 14 jilddan iborat). Nashrlardagi termin va tushunchalar soni (o‘rtacha 40 ming termin) aytarli darajada, ko‘p emas. XX asr boshida ensiklopediyani nashr etish sohasida ingliz-amerika hamkorligi o‘rnatilgan. Hozir u London va Chikagoda nashr etiladi. XIX asr va XX asrning birinchi yarmida Angliya, Fransiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda ham universal ensiklopediyalar nashr etilgan. Hozirgi kunda 24 tomlik “Britaniya ensiklopediyasi”, 30 tomlik “Amerika ensiklopediyasi” va 20 tomlik “Brokgauz ensiklopediyasi” juda ham mashhur. Zamonaviy elektron nashrlar:
• [url=http://www.britannica.com/]http://www.britannica.com/[/url],
• [url=http://en.wikipedia.org/]http://en.wikipedia.org/[/url],
• [url=http://encarta.msn.com/]http://encarta.msn.com/[/url],
• [url=http://www.si.edu/resource/]http://www.si.edu/resource/[/url],
• [url=http://www.m-w.com/]http://www.m-w.com/[/url],
• [url=http://www.onelook.com/]http://www.onelook.com/[/url],
• [url=http://www.yourdictionary.com/]http://www.yourdictionary.com/[/url],
• [url=http://www.babylon.com/]http://www.babylon.com/[/url],
• [url=http://www.askoxford.com/]http://www.askoxford.com/[/url],
• [url=http://ru.wikipedia.org/]http://ru.wikipedia.org/[/url].
Rossiyada ensiklopedik xarakterdagi to‘plamlar birinchi marta XIII asrda nashr etilgan. XYIII asrdan boshlab, bir nechta real ensiklopediyalar chop etilgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mashhur bo‘lgan ensiklopediyalardan biri – 82 tomlik (4 ta qo‘shimcha tomi bilan) F.A.Brokgauz va I.A.Efron ensiklopedik lug‘ati hisoblanadi (1890-1907 yillar). Ko‘zga ko‘ringan nashrlar orasida 58 tomlik A. va I. Granatlar ensiklopedik lug‘atining o‘z o‘rni bor. U aslida ikki davrga tegishli (1917 yilgacha 37 ta tomi, 1918-1948 yillarda qolgan 21 ta tomi nashrdan chiqqan).
Sobiq Ittifoqda inqilobdan so‘ng ensiklopediya tuzish ishi anchagina avj olgan. 1925 yildan keyin o‘sha davr katta ensiklopediyasining (birinchi nashr 1925-1947 yillarda) 3 nashri, kichik ensiklopediyasining 3 nashri yaratilgan. 1926-1974 yillarda 100 ta (jami 459 tomlik, umumiy tiraji 54,9 mln. nusxa bo‘lgan) ensiklopediya chop etilgan. Shulardan 29 tasi universal va 71 tasi soha ensiklopedik nashrlaridir.
“Yangi Rossiya ensiklopediyasi” (“Novaya Rossiyskaya ensiklopediya”) – asosiy universal ensiklopedik-bildirgich nashr bo‘lib, u kitobxonlarga ilmiy bilimlarning zamonaviy holatini aks ettiruvchi dunyo tasvirini taqdim etadi ([url=http://www.novrosen.ru/]http://www.novrosen.ru/[/url]). Ensiklopediyaning 12 jildi 60 mingdan ortiq maqolani qamrab oladi. 1-jild (2004 yil) to‘laligicha Rossiyaga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mamlakatning uzoq o‘tmishi va hozirgi hayotining turli tomonlari keng yoritib berilgan.
Slavyan xalqlarining qadimgi davrdan to XYII asrgacha bo‘lgan tarixi “Slavyanskaya ensiklopediya: Kievskaya Rus – Moskovnya” kitobida to‘la yoritilgan. Mazkur ikki jildlik ensiklopedik lug‘atda 10 mingga yaqin maqolalar berilgan bo‘lib, asosiy o‘rin Kiev Rusi va Moskva davlatchiligiga ajratilgan. Unda Amir Temur, Temur Malik va Sulton Muhammad O‘zbekxon haqida maqolalar berilgan.
O‘zbek qomuschiligi tarixidan
Ma’lumki, XX asrning 60-yillarigacha o‘zbek milliy qomusi biror marta ham nashrdan chiqmagan. Nega?
Axir, o‘zbek xalqi jahonga ulug‘ allomalarni yetkazib bergan xalqlardandir. Uning tarixi boy, ilmiy-ma’naviy salohiyati katta ekanligini butun dunyo tan olgan.
“Qomusni “qomusiy gap” aytish qobiliyatiga va shunday imkoniyatga ega bo‘lgan barkamol millat bino qiladi. O‘z navbatida, har bir xalq ensiklopediyasiga qarab, uning kamolot darajasi haqida muayyan xulosa chiqarish mumkin. U har bir millatning yetuklik shahodatnomasi. Shu bois, tarixda va hozir ham, har bir xalqning dono, ma’rifatparvar, yetuk olimlari, mutafakkir adiblar, buyuk faylasuf va shoirlar, barkamol kishilar bunday sermashaqqat ishga bosh-qosh bo‘lib kelgan” (G‘aybulloh as-Salom).
Darhaqiqat, birinchi o‘zbek milliy qomusi ustida ish boshlagan ijodkorlar ham mana shunday oliyjanob ziyolilar, fan arbobi, olim, fuzalolardan bo‘lganlar. “O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar” jurnalining 1968 yil 5-sonida bosilgan “Davrimizga monand qomus yaratamiz” maqolasida o‘sha paytda o‘zbek qomuschilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Fidoyi jamoaning ilk qadamlari poytaxt Toshkent boshiga tushgan tahlikali zilzila kunlari (1966 yil 26 aprel)ga to‘g‘ri kelganligi, nashr bilan bog‘liq turli masalalar, jumboqlar, “mayda qusurlar va yirik nuqsonlar”, “misqollab tejash, botmonlab sovurish”, muddaoni “tilga kiritadi”gan tasvirlar hamda saboqlar to‘g‘risida ma’lumotlar turli manbalarda keng yoritilgan. 1968 yil 26 mart kuni ilk o‘zbek qomusini nashr qilishga bag‘ishlangan kengashda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning: “Ensiklopediya – monografiya ham, darslik ham emas. Uning ta’bir joiz bo‘lsa, dahshatli qonunlari borki, bironta mo‘tabar zotga ham bu qonunlarni buzish huquqi berilmagan” deb aytgan so‘zlari doimo e’tiborga loyiqdir.
Ko‘p jildli kulliyoviy (universal) qomus nashrini amalga oshirish oson ish emasligi ko‘pchilik ziyolilarga ayon bo‘lgani holda, ayrim arboblarning bu ishni boshlashga tajriba va tayyorgarlik yo‘qligini ro‘kach qilishlari, boshqa birovlarning shu ishga zarurat bormi, qabilida yo‘l tutishlari masalani anchagina chigallashtirib yuborgan. Shunga qaramasdan, bir guruh qat’iyatli, irodasi baquvvat, fidoyi olimlarning sa’y-harakatlari mo‘tabar nashrga umid va ishonch muhitini yaratishga asos bo‘la olgan. Ularni katta maqsad sari yetaklagan eng qudratli kuch esa o‘zlari amalga oshirayotgan ishning mamlakat fani va madaniyati uchun naqadar zarur ekanligini chuqur his etish mas’uliyatidir.
Ensiklopediyani nashr etish maqsadida 1968 yil 18 yanvarda ensiklopediya bosh redaksiyasi tashkil etilgan. Uning 1-jildi 1971 yil nashrdan chiqqan. 1980 yil 14 jildli ensiklopediyani nashr etish tugallangan (1997 yildan bosh muharrir – akademik K.A.Zufarov) va bu nashr Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Markaziy Osiyoda birinchi milliy qomus fanning 52 sohasi bo‘yicha 132,5 bosma taboqdan iborat 5 jildlik so‘zlik (1967 yil fevral) loyihasi asosida yaratilgan (so‘zlik 60818 atamani o‘z ichiga olgan). Ensiklopediya har bir jildining o‘rtacha hajmi 105 b.tni tashkil etadi. Ularda o‘rtacha hisobda 3 mingdan ortiq maqola berilgan. Har bir jildda o‘rtacha 800 ga yaqin mualliflar qatnashgan (yanada aniqroq ma’lumot: dastlabki 6 kitob maqolalarini yozishda 4480 muallif qatnashgan; 1 bosma taboq 7 kishi ishtirokida tayyorlangan.)
Mustaqil O‘zbekistonning birinchi universal ensiklopediyasi
1991 yilda Ensiklopediya bosh redaksiyasi Qomuslar Bosh tahririyati deb atalib, qomusiy va ma’lumotnoma adabiyotlar, lug‘atlar nashr etadigan markazga aylantirilgan. Ko‘p jildli “O‘zbek milliy ensiklopediyasi” (O‘zME)ni 1997-2005 yillar davomida o‘zbek tilida tayyorlash va nashr etish maqsadida 1997 yili O‘zME Davlat ilmiy nashriyoti (O‘zR VMning 1997 yil 20-martdagi qaroriga muvofiq) tashkil etilgan. Hozirda u O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi ([url=http://www.uzapi.gov.uz/]http://www.uzapi.gov.uz/[/url]) tasarrufidagi 11 nashriyotning biri sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ma’naviy ozuqa, ruhiy kamolot har bir e’tiqodli inson uchun suv bilan havodek zarur ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. Shuning uchun ham mustaqillikning ilk davridanoq noshir va matbaachilar o‘quvchilarga manzur bo‘ladigan asarlarni chop etishga katta e’tibor qaratganlar.
“Mustaqil O‘zbekiston – tarix silsilasida” deb nomlangan ma’lumotnomada tosh va jez asridan boshlab, to mustaqillikgacha o‘tgan davrda mamlakat hayotida ro‘y bergan eng muhim voqealar xronologik tartibda qisqacha (tuzuvchi-muallif – professor Abdulla A’zamov) sanab o‘tilgan.
1997 yili nashr etilgan “O‘zbekiston Respublikasi” ensiklopediyasi o‘n oltita bo‘limdan iborat bo‘lib, unga kiritilgan barcha maqolalar muayyan mavzular bo‘yicha joylashtirilgan. Ensiklopediyaning muqaddimasida tahririyat tomonidan quyidagi yaxshi niyat bildirilgan: “O‘zbekiston Respublikasi ensiklopediyasi mamlakat tarixi va hozirgi hayotiga doir barcha ma’lumotlarni qamrab olmagan, albatta. Unda Respublika hayotining eng muhim tomonlariga to‘xtalindi, xolos. Qolgan masalalar yaqin kelgusida nashr qilinishi ko‘zda tutilgan O‘zbekiston Respublikasining ko‘p jildli universal milliy qomusida o‘z aksini topadi degan umiddamiz”. Chindan ham ko‘p vaqt o‘tmay, ana shu niyat ro‘yobga chiqdi. 2000 yil “O‘zbek milliy ensiklopediyasi”ning 1-jildi dunyo yuzini ko‘rdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov ensiklopediyaning ma’naviy hayotimizda axborot manbai sifatidagi ma’rifiy o‘rni beqiyosligini ta’kidlab: “Ensiklopediyamizning asosiy vazifasi – avvalo, O‘zbekistonning buyuk tarixi, betakror madaniyati, ulug‘ mutafakkir va allomalarimizning umumbashariyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini, bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston deb atalgan go‘zal yurtning o‘ziga xos va o‘ziga mos qiyofasini, Vatanimizning tabiiy-iqtisodiy va ma’naviy salohiyatini, eng katta va noyob boyligimiz bo‘lmish mana shu muqaddas zaminda yashab o‘tgan va yashayotgan odamlarning ibratli faoliyatini butun dunyoga namoyish etishdir”, deb uqtirgan (O‘zME. 1-jild. – T.: O‘zME Davlat ilmiy nashriyoti, 2000, 7-bet).
Shu o‘rinda “mana shu muqaddas zaminda yashab o‘tgan va yashayotgan odamlarning ibratli faoliyati”ning qomusiy ilmga oid qirralariga biroz to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir. Zotan, “aqlli kishilar – bebaho qomus”(Gyote), ularning ijod yo‘li doimo barchaga ibrat bo‘lmog‘i
Markaziy Osiyoning dunyoga mashhur qomusiy olimlari
“O‘zbek tarixining algoritmlari, o‘zbek xalqi kelajagining algoritmlarini bu mamlakatning daholari, mumtozlari, ular tomonidan yaratilgan durdonalar, ilm-fan va adabiyot, san’at va me’morchilikning oltin sahifalarini o‘zlarida mujassam etgan. Algoritmlar an’analarda, e’tiqodda, hayotga munosabatda” (Leonid Levitin).
Buyuk vatandoshimiz al-Xorazmiy (783, Xiva – 850, Bag‘dod) fan tarixidagi ilk qomusiy olimlardan. Uning “Kitob al-jabr val-muqobala”( “Tiklash va qiyoslash”) va “Hisob al-Hind” asarlari XII asrdayoq lotin tiliga tarjima qilinib, Yevropada keng tarqalgan. Kitob nomidagi “al-jabr” so‘zi Yevropada “algebra” atamasi ko‘rinishida iste’molga kirgan. Al-Xorazmiy o‘nli sanoq sistemasi bo‘yicha to‘rt arifmetik amal bajariladigan matematik qoidalarni ishlab chiqqan. Yevropada bunday qoidalar al-Xorazmiy nomi bilan “algorizm” (olim nomining lotincha transliterasiyasi), keyinchalik “algoritm” deb atalib ketgan. Algoritm tushunchasi tobora kengayib, kibernetika va informatika fanlarining nazariy va mantiqiy asosi bo‘lgan algoritmlar nazariyasi paydo bo‘lgan.
Markaziy Osiyoning ulug‘ mutafakkiri, qomusiy olim Forobiy (873, Forob sh. – 950, Damashq) 160 dan ortiq asar yozgan. U 70 dan ortiq tilni bilgan. Forobiy “Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi” (“Ixso al-ulum”) nomli asarida o‘sha davrda ma’lum bo‘lgan 30 ga yaqin ilm sohasining tavsifi va tafsilotini bayon qilib bergan.
Ulug‘ o‘zbek mutafakkir olimi Beruniy (973.4.9, qad. Kot sh. – 1048.11.12, G‘azna) o‘rta asrning buyuk daholaridan. Qomusiy olim fanning deyarli hamma sohalari bilan shug‘ullangan. U ona tilidan tashqari arab, sug‘diy, fors, suryoniy, yunon, sankrit va qadimgi yahudiy tillari egallagan. Beruniy qoldirgan meros 152 kitob va risoladan iborat. Ko‘pchilik asarlari o‘z zamonasida o‘ziga xos bir ensiklopediya hisoblangan. Afsuski, hozircha olimning faqat 28 asarigina ma’lum.
Abu Ali ibn Sino (980, Afshona q. – 1037.18.06, Isfahon) – buyuk qomusiy olim. U “olimlar olimi” unvoni bilan atalgan. Ibn Sinoning falsafiy asari – “Donishnoma” (1031-39 yillar) fors tilida yozilgan bo‘lib, to‘rt bo‘lim: mantiq, metafizika (ilm ul-ilohiy), fizika va matematika (riyoziyot)dan iborat. Olimning ilmiy merosini shartli ravishda to‘rt qismga, ya’ni falsafiy, tabiiy, adabiy va tibbiy sohalarga bo‘lish mumkin. Asarlarining soni 280 dan ziyod. Ulardan 40 dan ko‘prog‘i tibbiyotga, 30 dan ortig‘i tabiiy fanlar va musiqaga oid, qolganlari falsafa, mantiq, axloq, ilohiyot, ijtimoiy-siyosiy mavzularda yozilgan. Bizgacha 160 ga yaqin asari yetib kelgan.
Yusuf Xos Hojib Balasog‘uniy (taxm. 1016-18 yillar, Balasog‘un ) – adib, olim va alloma. Unga “xos hojib” (ulug‘ maslahatchi) unvoni berilgani bejiz emas. Adibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga boshlovchi ilm”, 1069-70 yillar) dostoni (6,5 ming baytga yaqin) turkiy tilda yozilgan ilk falsafiy-didaktik asar (hayot va turmush darsligi – pandnoma)dir. “Unda dunyoviy va irfoniy (botiniy) ma’no omuxtalashtirilgan” (Abdumalik Yoqubov). Doston tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarix, etnografiyaga oid qimmatli manba hisoblanadi.
Mahmud Koshg‘ariy (XI asr ) – turkshunoslik ilmining asoschisi, qomusiy olim. Uning “Devonu lug‘otit turk” (“Turkiy so‘zlar devoni”, 1071-72 yillar) turkiy tillar to‘g‘risidagi qomusiy asari arab tilida ta’kidlashicha “oldin hech kim tuzmagan va hech kimga ma’lum bo‘lmagan alohida bir tartibda” yozilgan. Unda XI asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda va G‘arbiy Xitoy hududida istiqomat qilgan turkiy urug‘ va qabilalar, ularning ijtimoiy ahvoli, tili, tarixi, bu hududning geografiyasi va astronomiyasiga oid qimmatli ma’lumotlar yozib qoldirilgan.
Alisher Navoiy (1441.9.2, Hirot – 1501.3.1, Hirot) – buyuk o‘zbek shoiri, davlat arbobi. Shoir o‘zining “Majolis un-nafois” (“Nafislar majmuasi”, 1492 y.)da 359 shoirning hayoti va ijodi to‘g‘risida fikr bildiradi, aniq misollar yordamida asarlarining yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib beradi. “Navoiy akademiyasida hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan yuzlab ilmiy, tarixiy va adabiy asarlar yaratildi” (Aliybek Rustamiy). Hazrat Alisher Navoiy o‘zidan boy she’riy, nasriy va ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, uning hajmi 100 ming baytdan ortiqroqdir: ulkan badiiy qomus “Xamsa” 52 ming misradan iborat; “Chor devon” 40 ming misraga yaqin turli janrdagi she’rlarni o‘zida jamlagan; fors tilidagi she’rlari 12 ming misradan ortiq.
Zahiriddin Muhammad Bobur (1483.14.2, Andijon – 1530.26.12, Agra) – buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda. Jahon adabiyoti va manbashunosligidagi muhim va noyob yodgorlik hisoblangan “Bobirnoma” (1518-30 yillar)da ijtimoiy-tabiiy fanlar, tarix, falsafa, fikh, din ta’limoti, tilshunoslik, jo‘g‘rofiya, tabiatshunoslik, ma’danshunoslik, dehqonchilik, bog‘dorchilik va boshqa fanlarga oid aniq va hanuzgacha o‘z tarixiy va ilmiy ahamiyatini yo‘qotmagan ma’lumotlar, ilmiy asoslangan xulosalar keltirilgan. Asarni yaponiyalik olim E.Manu “o‘zbek tilining Y-XYI asrdagi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston bo‘yicha ma’lumotlar xazinasi” deb atagani ham bejiz emas, albatta.
Har bir davrning teran va atroflicha fikr yurita oladigan, ijtimoiy faoliyatidan el-yurtiga ulkan naf yetadigan siymolari – mutafakkirlari bo‘ladi. “Hech shubhasiz, Islom Karimov xalqimizning shu davrdagi eng yetuk siymosidir. Yurtboshimiz ayni paytda qomusiy olim hamdir. Atoqli iqtisodchi, huquqshunos, faylasuf, tarixchi ekanligini keng jamoatchilik yaxshi biladi, ilmiy salohiyatining bu qirralari mamlakatimiz va chet ellarda ham e’tirof etilgan, respublikamizda fan doktori ilmiy darajasi va akademik ilmiy unvoni bilan taqdirlangan, xorijiy mamlakatlardagi bir necha universitetlar va akademiyalarning faxriy ilmiy darajalari va faxriy unvonlariga sazovor bo‘lgan” (Abduqahhor Ibrohimov).
Yangi o‘zbek davlati asoschisining siyosati, uning ish uslubi, jahon siyosiy taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi milliy va xorijiy mutaxasssislar tomonidan chuqur o‘rganilmoqda. Ayni paytda u jahonning eng mashhur siyosat va davlat arboblari tomonidan yuqori baholanmoqda, tan olinmoqda. “Prezident Islom Karimov – tom ma’noda tarixiy hodisa”. Uning “mentaliteti mamlakat nomi berilgan tub millat mentaliteti bilan uyg‘unlashib ketgan” (Narzulla Jo‘raev).
“Daymler-Bens” konserni Boshqaruvi Raisi Yurgen Shtamp o‘z fikrini shunday bildirgan: “Biz Prezident Karimovni yirik davlat arbobi sifatida, iqtisodiyot masalalarida chuqur mulohaza yuritadiga siyosatdon sifatida bilamiz. U o‘z g‘oyalariga o‘ralashib qolgan siyosatchi-nazoratchilar sirasidan emas. U amaliyotchi-arbobdir”.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni chuqur o‘rgangan mashhur mutaxassislar Leonid Levitin hamda Donald S.Karlayl tomonidan yozilgan “Islom Karimov – yangi O‘zbekiston Prezidenti” deb nomlangan kitobda shunday satrlar bitilgan: “Islom Karimovning mamlakatda barqarorlik, fuqarolar totuvligi va millatlararo murosa, iqtisodiy muvaffaqiyatlarni ta’minlagan, respublikaning har bir fuqarosi uchun istiqbolda farovon hayot kechirishi uchun sharoit yaratayotgan strategiyasi va taktikasi Prezident hokimiyati nechog‘lik qonuniy ekanini namoyish etadi”. Prezidenti Islom Karimov hamisha g‘urur bilan: “Men texnokrat va amaliyotchiman. Mening kuchim ham shunda”, deydi deb yozadi muallif. “Shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, u o‘z xalqining beshik va mozorlari, uy va machitlari, jarohatlarini o‘zida mujassam etgan. Uning kuchi ham shunda”.
Qomusiy olimlar hayoti va ijodiga doir ma’lumotlar kengroq yoritilgan manbalar:
• [url=http://al-horezmi.edunet.uz/]http://al-horezmi.edunet.uz/[/url],
• [url=http://alloma.edunet.uz/]http://alloma.edunet.uz/[/url],
• [url=http://vostok.edunet.uz/]http://vostok.edunet.uz/[/url],
• [url=http://www.gov.uz/uz/section.scm? sectionId=2244]http://www.gov.uz/uz/section.scm? sectionId=2244[/url],
• [url=http://www.fikr.uz/]http://www.fikr.uz/[/url],
• [url=http://www.ursu.uzpak.uz/]http://www.ursu.uzpak.uz/[/url],
• [url=http://www.srt.uz/russian/uzbekistan/great_people]http://www.srt.uz/russian/uzbekistan/great_people[/url],
• [url=http://kirsoft.com.ru/freedom/KSNews_615.htm]http://kirsoft.com.ru/freedom/KSNews_615.htm[/url],
• [url=http://www.zaitseva-irina.ru/html/f1113023758.html]http://www.zaitseva-irina.ru/html/f1113023758.html[/url].
Millatning yetuklik shahodatnomasi
O‘zME Davlat ilmiy nashriyoti direktori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nurislom To‘xliev qomusning ahamiyatiga to‘xtalib: “Ensiklopediya millatning ma’naviy qiyofasini butun jahonga ko‘rsatuvchi eng muhim vositalardan biridir”, deydi ([url=http://jahon.mfa.uz/modules.php?op= modload&name=News&file= article&sid=1516]http://jahon.mfa.uz/modules.php?op= modload&name=News&file= article&sid=1516[/url]).
Qomuschi-olimlarning fikricha, ensiklopediya yaratish juda ham murakkab va mas’uliyatli ishdir. Yaxshi universal nashrni tayyorlash uchun uchta muammoni hal etish kerak bo‘ladi: axborot tanlash va uning hammabopligi; materiallarni sistemalashtirish; nashr strukturasi va hajmi. Ixtiyoriy maqola (-havola, -izoh, -ma’lumot, -sharh)dagi har bir so‘z o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak. Maqolalar iloji boricha qisqa, lo‘nda, nihoyatda aniq va xolis yoritilishi zarur. Ensiklopediya sahifalaridagi materiallarda so‘zlar tig‘iz, fikr esa keng bo‘lmog‘i darkor. Davr talabiga javob beradigan chinakam go‘zal ensiklopediyalarni nashr qilishda badiiy bezash, poligrafik ijro, rangli illyustrasiyalar, xaritalar, sxemalarni yuqori sifatli qilib tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratilishi kerak. Uning bichimi (formati) qulay, tashqi va ichki bezaklari chiroyli, kompozitsiyasi mutanosib bo‘lishi lozim. Ensiklopediya kitobxonlarning ilmiy ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, ularning yuksak estetik didiga ham mos bo‘lishi kerak. (Ilgarilari kitobat san’ati ustalari hatto kitobdan xushbo‘y hid anqib turishi uchun ba’zan siyohga gulob yoki anbar qo‘shib foydalanishgan).
Albatta, bunday ulug‘vor nashrlar elsevar ziyolilar, noshirlar va matbaachilarning ko‘z nuri, qalb qo‘ri va murakkab ijodiy mehnati tufayli dunyoga keladi. Xalq, Vatan, Millat tushunchalarini yaxshi anglab yetgan, qalbida milliy iftixor tuyg‘usi barq urgan shaxslargina shu salohiyatga egadirlar. Mamlakat ravnaqi va millat sha’nini qadrlaydigan ma’rifatparvar insonlargina shunday jur’atli. (Hozirgi nashrda har bir jildni tayyorlash uchun o‘rtacha 600 nafar olim va mutaxassislar jalb etilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor: [url=http://jahon.mfa.uz/]http://jahon.mfa.uz/[/url]) Bugungi kunda ijodiy jarayonni noshirchilik va matbaachilikning eng zamonaviy kompyuterlashgan uslublarisiz tasavvur ham etish qiyin.
O‘zbek qomuschilari tomonidan mustaqillikning 15 yillik bayramiga munosib tuhfa tayyorlandi. Universal ensiklopediyaning to‘la nashri amalga oshirildi (oxirgi 12-jildi ham yaqinda bosmadan chiqdi). Bu nashr O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi (2006 yil 20 iyundagi) qaroriga muvofiq tashkil etiladigan zamonaviy talablarga mos yangi axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarida universal axborot resurslari, milliy nashrlar (bosma, elektron) fondlarni shakllantirishda beqiyos manba bo‘lishiga ishonchimiz komil. Sermashaqqat ijodning mahsuli bo‘lmish zamonaviy nashrga bahoni esa, avvalambor kitobxon beradi, so‘ngra vaqt o‘z so‘zini aytadi. U respublikaning yuksak Davlat mukofotlariga munosib original nashr ekanligi tez orada e’tirof etilsa, ne ajab.
Milliy ensiklopediyaning nashrdan chiqqan jildlari Moskva va Frankfurt shaharlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro kitob ko‘rgazmalarida namoyish etilgani va munosib taqdirlangani ma’lum: 2004 yil 3 sentabrda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga kiruvchi davlatlar ishtirokida Moskva shahrida o‘tkazilgan I xalqaro “Kitob san’ati” (“Iskusstvo knigi”) konkursi g‘olibi – “Edinstvo” nominasiyasi bo‘yicha faxrli uchinchi o‘rinni egallagan ([url=http://www.book.ru/?page=10&mode=c&origin= home&id_a=326]http://www.book.ru/?page=10&mode=c&origin= home&id_a=326[/url]); 2005 yil 9 sentabrda o‘tkazilgan II xalqaro “Kitob san’ati” tanlovi (Moskva)da “Hamdo‘stlikda nashr etilgan” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib chiqqan ([url=http://www.book.ru/?page=10&mode=i&origin= home&id_a=429]http://www.book.ru/?page=10&mode=i&origin= home&id_a=429[/url]).
Ensiklopediyaga xorijda ham qiziqish katta. Uni Turkiya, Yaponiya, AQSh, Germaniya kabi mamlakatlarning kutubxonalari sotib olmoqda ([url=http://jahon.mfa.uz/]http://jahon.mfa.uz/[/url]).
Odatda, kitoblar boshdan oxiriga qarab sahifama-sahifa o‘qib boriladi. Ilmiy kitoblar astoydil, hijjalab o‘qiladi. Ensiklopediyani o‘qishda esa sahifalar ixtiyoriy tartibda tanlanadi, qiziqarli maqolalar saralab o‘qiladi. “Ilm – mo‘minlarning axtarib yuruvchi narsasidir, topgan joyidan oladi” (Hadis). Uni ko‘pincha ensiklopediyalardan topadi, o‘zlashtiradi. O‘quvchi boshqa manbalardan olgan ma’lumotlarni aniqlash, tekshirish va to‘ldirish uchun qomusga yuzlanadi. O‘ylaymizki, nozik didli kitobxonlarga manzur bo‘ladigan, ixcham va sermazmun maqolalar “mustaqillik ensiklopediyasi” jildlarida juda ham serob. Millat ruhi ufurib turgan “salobatli” kitoblar o‘qimishli, chiroyli bezatilgan, ular yashil muqovada yana-da jozibador. Asl “donishiy-ilmiy manba” O‘zbekistonning tarixi, aholisi, tabiati, hayvonot va nabotot olami, geografik o‘rni, ijtimoiy-siyosiy hayoti, iqtisodi, fani, texnikasi, adabiyoti va san’ati, me’morchiligi va musiqasi, teatr va kinosi, xalq ta’limi va matbuoti, sporti, dini va urf-odatlariga oid barcha ma’lumotlarni to‘la qamrab olgan. Shuningdek, universal ensiklopediyada umumbashariy bilimlar va ma’lumotlarga ham keng o‘rin berilgan.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “… milliy qomusimiz har qaysi inson uchun, xalqimiz hayotiga qiziqadigan olimlar va ziyolilar, turli soha mutaxassislari uchun muhim ilmiy manba, bebaho xazina sifatida xizmat qiladi”, degan umiddamiz.
Homiylar tomonidan turli tanlov g‘oliblari, zakovotli yoshlarga kitob (ensiklopediya) sovg‘a qilinayotganini ko‘rib, ko‘zlar quvonadi. Bu g‘oyat ibratli, an’anaga aylantirsa arzigulik, ezgu amal. Zotan, kitob – xazinalar kaliti, tafakkur manbai, jaholat kushandasidir. Darvoqe, “olamda kitobdan aziz do‘st yo‘qdir” (Navoiy), “kitob menga toju taxtdan ortiqroq” (Shekspir) prinsiplarini amalda qo‘llagan, qomusning 11 jildini allaqachon kundalik mutolaa uchun eng zarur kitobga aylantirgan ziyolilarni ko‘rganda, hayratga tushmaslikning hecham iloji yo‘q. Yaponiyalik olima o‘zbek ensiklopediyasining yangi jildlarini peshma-pesh so‘rab tursa, albatta, to‘lqinlanasan kishi.
E’tirof etish kerakki, har bir davr o‘z donishmandlari, noyob ixtiro va buyuk kashfiyotlari, olamshumul voqea-hodisalari bilan tarix sahifalaridan munosib o‘rin oladi. Shu ma’noda axborot asrining Internet olamida virtual kutubxonalaru elektron kitoblar nodir “xazina” bo‘lsa, universal ensiklopediyalar ham o‘ziga xos ajib bir “donishmand”lardir. “Bunday ko‘lamdor va qamrovdor alp axborot-tadqiqiy nashr”ni ham bosma nashrda, ham Internet ([url=http://www.encyclopedia.uz/]http://www.encyclopedia.uz/[/url])da uddalayotgan mualliflar, noshirlar va matbaachilarga mamnuniyat bilan aytiladigan tabrik ila tilak:
Qomusingiz qutlug‘ bo‘lsin, ijodingizga baraka!