Infocom.uz

Xodimlar malakasini oshirishda multimеdia tizimlaridan foydalanish

Bugungi kunda 10 000 atrofida Respublika xalq ta’limi vazirligiga qarashli umumta’lim maktablari qoshidagi ARM xodimlari hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qarashli 1500 kollej, akademik litseylarda faoliyat yuritayotgan kutubxonachi xodimlar, umuman olganda esa respublika bo‘yicha 15 000 dan ortiq kutubxonachi xodimlar malakasini oshirishga ehtiyoj tug‘ilgan.

ARM xodimlarining malakasini oshirish bilan Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat madaniyat instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universitetida malaka oshirish markazlari shug‘ullanmoqda. Mazkur markazlarda har oyda o‘rtacha 50-60 nafar kutubxonachi o‘z malakasini oshirmoqda. Ikki haftalik malaka oshirishga mo‘ljallangan qisqa muddatli kurslarda axborot texnologiyalarini ARMlarda joriy qilish bo‘yicha yetarli bilim, malaka va ko‘nikmalarni egallash ancha mushkul. Ayniqsa, malaka oshirishga kelayotgan ARM xodimlarning asosiy qismi kompyuterlardan foydalanish malakasini yetarli darajada egallamagan. Xodimlarning uzluksiz ravishda malakasini oshirib borish yangidan tashkil qilinayotgan ARMlarning samarali faoliyat ko‘rsatishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu borada rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, xodimlarning bevosita ish o‘rinlarida malakasini oshirish, ya’ni mustaqil ta’lim olishga imkoniyat yaratishga katta e’tibor berilmoqda. Peugeot va Allied Irish Bank (AIB) firmalari o‘z xodimlarni multimediali kurslarda o‘qitish afzalligini birinchilardan tushunib yetdilar, ularning fikricha, ish o‘rinlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malaka oshirish, maslahatlar olishda multimediyali tizimlardan foydalanish katta samara berar ekan. Peugeot firmasida multimediyali darsliklar CD-ROM disklarida interaktiv videokliplar shaklida saqlanadi. Kompaniyaning sotish bilan shug‘ullanadigan barcha xodimlari ana shunday disklar bilan ta’minlangan. AIB firmasi interaktiv multimediali dastur bilan har bir bank xodimini ta’minlagan. Xodimlarning har biri kerakli maslahatni bevosita ish o‘rnida olishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, faqat matnlarni o‘qish bilan o‘zlashtirilgan bilimlarning vaqt o‘tishi bilan 14% esda saqlanar ekan, tovush orqali qabul qilingan ma’lumotlarning 13% , bir paytning o‘zida ham ko‘rish ham eshitish orqali qabul qilingan materialning 50% esda saqlanar ekan. Agar materialni o‘zlashtirishda ko‘rish, eshitish va ayni paytda o‘zlashtirish jarayonida o‘quvchining o‘zi ham faol ishtirok etsa, materialning 75% esda saqlanar ekan. Demak, mustaqil bilim olishda interfaol usullardan foydalanishning samarasi ko‘rinib turibdi. Bilimlarni egallashda ko‘rish, eshitish va materialni o‘zlashtirishda faol ishtirok etish jarayonida multimedia tizimlaridan foydalanish katta samara beradi.

Multimediya tizimlari to‘g‘risida nimalarni bilamiz?
Multimedia (multimedia) — bu zamonaviy kompyuter axborot texnologiyasi bo‘lib, u kompyuter tizimida matn, tovush, videotasvir, grafik tasvirlar va animatsiya (multiplikatsiya) shaklidagi axborotlarni birlashtiradi. Multimediya — bu matn, grafika, animatsiya, harakatsiz tasvirlarni raqamlashtirish, video, tovush va nutq shakldagi axborotlarni kompyuter yordamida kiritish, ishlov berish, saqlash, uzatish va aks ettiruvchi texnologiyalar majmuidir. Multimedia mahsulotlari uch tamoyilga asoslanadi:
• inson tomonidan idrok qilinayotgan muhitlar to‘plami kombinatsiyasi yordamida axborotlarni taqdim etish (multimedia so‘zi ingliz tilidagi multi — ko‘p va media — muhit so‘zlaridan tashkil topgan);
• mahsulot mazmunida bir necha syujet liniyalarining mavjudligi (jumladan, «erkin qidirish» asosida foydalanuvchi tomonidan axborot mahsuloti mazmuniga mos doirada taqdim qilingan axborot);
• interfeys va navigatsiya vositalarining badiiy dizayni.
Axborotlarni taqdim qilishdagi multimedia texnologiyalarining samarasi va xususiyatlari uning quyidagi imkoniyatlarida yaqqol ko‘rinadi:
• bir tashuvchida katta hajmdagi turli-tuman axborotlarni saqlash imkoniyati (20 tomlik mualliflik matnlarini, 2000 dan ortiq yuqori sifatli tasvirlarni, 30-40 daqiqalik video yozuvlar, 7 soatlik tovush);
• tasvir yoki uning ma’lum bir qismini kattalashtirish (aniqlashtirish), tasvir sifatini saqlab qolganda uni yigirma martagacha kattalashtirib ko‘rsatish. Bu imkoniyat san’at asarlari va tarixiy hujjatlarning taqdimotida katta ahamiyat kasb etadi;
• ilmiy tadqiqot yoki ta’lim olish maqsadlarida tasvirlarni taqqoslash va ularga turli dasturiy vositalar yordamida ishlov berish imkoniyati;
• gipermatn va gipermedia texnologiyalarining imkoniyatlari. Matnli yoki boshqa vizual materialning bir qismini ajratib ko‘rsatish va u to‘g‘risida tezkor ma’lumotlarni taqdim qilish imkoniyati;
• uzluksiz ravishda musiqiy yoki boshqa shakldagi audio jo‘rligida ijro etish;
• filmlardan videofragmentlar, videoyozuvlardan foydalanish imkoniyati, «stop-kadr» funksiyasidan va videoyozuvlarni sahifalab ko‘rish imkoniyatlari;
• ma’lumotlar bazasi diskidagi mazmunga kirish, obrazlarga ishlov berish metodikasi, animatsiya va boshqa imkoniyatlar;
• internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati;
• turli ilovalar (matnli, grafik, va tovushlar muharrirlari hamda kartografik axborotlar) bilan ishlay olish imkoniyati;
• taqdim qilinayotgan axborotlardan foydalanib shaxsiy «gallereya»lar yaratish imkoniyati («karman» yoki «mening belgilarim» rejimi asosida);
• «bosib o‘tilgan yo‘lni esda saqlab qolish» va foydalanuvchini qiziqtirgan sahifada «zakladka» yaratish imkoniyati;
• mahsulot mazmunini avtomatik tarzda ko‘rib chiqish («slayd-shou») yoki mahsulot bo‘ylab animatsiyali va tovushli «yo‘l boshlovchi gid» yaratish imkoniyati;
• axborot bo‘yicha «erkin» navigatsiya va asosiy menyu (bosh sahifa)ga chiqish imkoniyati.

Multimedia tizimlarining yuqorida keltirilgan imkoniyatlaridan ARM xodimlari malakasini oshirishda samarali foydalanish mumkin. ARM xodimlari malakasini oshirishdagi asosiy muammolardan biri bu elektron katalog bazasini shakllantirish malaka va ko‘nikmalarini egallashdir. Ma’lumki, avtomatlashtirilgan axborot kutubxona tizimining elektron katalogini shakllantirishda MARC formatlariga tegishli 1000 ga yaqin maydonlardan keraklisi tanlab to‘ldiriladi. Elektron katalog (EK) bazasini shakllantirish ARM xodimidan katta malaka talab qiladi. Mualliflar soni turlicha bo‘lganda, EK bazasiga kiritiladigan bibliografik ma’lumotlarni kiritish tartibi va tarkibi turlicha bo‘ladi. Bir muallifga tegishli bir necha asar bir muqova ostida chop etilgan bo‘lsa yoki bir necha mualliflarning asarlari bir muqova ostida chop etilganda, EK bazasiga bibliografik tavsif elementlarini kiritish turlicha tartibda va tarkibda amalga oshiriladi.

Quyida KARMAT tizimi asosida elektron katalog bazasini shakllantirishga mo‘ljallangan multimedia vositasi yaratishni «Bir muallifli kitob bibliografik tavsif elementlarini KARMAT tizimining EK bazasiga kiritish» misolida ko‘rib chiqamiz. Multimediali darslik yaratish algoritmi quyida keltirilmoqda.

1. KARMAT U tizimining elektron katalog bazasiga kitob bibliografik tavsif elementlarini kiritish qoidalarini o‘rganish.
2. Maydonlarga bibliografik tavsif elementlarini kiritish ketma-ketligini tuzish.
3. Ssenariy tuzish.
4. Ssenariy asosida «Adobe Captivate» dasturi bilan .sr formatda dastur uchun fayl yaratish. Har bir harakatni alohida kadr sifatida .sr fayl ko‘rinishida saqlash.
5. Ssenariy asosida .mp3 formatda ovoz yozib olish.
6. .sr formatdagi faylni animatsiya ko‘rinishda taqdim etish uchun eksport qilish yo‘li bilan Macromedia Flash dasturiga o‘tkazish. Natijada .sr formatdagi fayl .fla farmatga o‘tadi.
7. Macromedia Flash dasturi yordamida animatsiya yaratildi.
8. Adobe Audition 3.0 dasturi yordamida yuqorida yozib olingan ovoz animatsiyaga mos ravishda to‘g‘rilab joylashtirib chiqish. Ovoz import qilish yo‘li bilan Macromedia Flash dasturiga o‘tkazildi.
9. Saqlash ikki xil formatda amalga oshirildi:
9.1. Yaratilgan ovozli animatsiyani pleyer orqali o‘qib olish uchun .swf formatda.
9.2. Istalgan kompyuterda o‘qib olish uchun .exe formatda.

Shunday qilib, «Adobe Captivate», «Adobe Audition», «Adobe Flash» dasturlaridan samarali foydalangan holda axborot-resurs markazi xodimlari malakasini oshirishga mo‘ljallangan multimedia o‘quv qo‘llanmasini yaratish mumkin. Mazkur qo‘llanma ARM xodimlarining mustaqil ravishda ta’lim olishlarida qo‘l keladi. ARM xodimlari malakasini oshirishga mo‘ljallangan dastlabki o‘quv qo‘llanma Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti dotsenti U. F. Karimov rahbarligida TATU talabasi F. Axmedov tomonidan bitiruv malakaviy ishi sifatida yaratildi va ishlab chiqarishga joriy qilindi. Multimediali o‘quv qo‘llanmasi elektron katalog yaratuvchilar va avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimidan foydalanuvchilarning mustaqil ravishda elektron katalog yaratish va undan foydalanishni o‘rgatishga mo‘ljallangan.

Bu sohadagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishi doirasida Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutining «Informatika, matematika va axborot texnologiyalari» kafedrasi tomonidan amalga oshirilmoqda. ARM xodimlari malakasini oshirishga mo‘ljallangan multimediyali o‘quv qo‘llanmalar institutning «Madaniyat xodimlari malakasini oshirish» markazida, KARMAT tizimidan foydalanuvchi axborot-resurs markazlarida foydalanilmoqda. Axborot-resurs markazi xodimlari malakasini oshirishda multimedia tizimlaridan foydalanishning afzalliklari:

• Avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi (AAKT) bilan ishlashni mustaqil o‘rganishga katta imkoniyat yaratiladi. Multimedia o‘quv qo‘llanmasi tizimdan foydalanish usullarini harakat, animatsiya, tovush va matnli izohlar bilan birgalikda amalga oshiradi.
• Multimedia vositasidan foydalanib elektron kataloglashtirish usullarini mustaqil o‘rganish va zarur bo‘lganda kerakli maslahatlarni olish imkoniyati.
• Elektron kataloglashtirish va AAKT bilan ishlashga o‘rgatuvchi multimedia qo‘l-lanmasi ARM xodimlarining masofaviy ta’lim olishida katta samara beradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing: