Infocom.uz

XXI asr superkompyuterlari

Bugungi kunda hayotimizning hamma javhalariga kompyuter deb ataluvchi qurilma chuqur o‘rnashib, uning yordamida ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda. Jahonning rivojlangan mamlakatlarida kompyuter vositasida erishilgan yutuqlar tobora o‘z samarasini berib borayotganligini e’tiborga olib, juda katta mablag‘ talab qilsa ham, eng kuchli kompyuterlar — superkompyuterlarga bo‘lgan qiziqish kun sayin ortib bormoqda.

Superkompyuterlar — ilmiy va muhandislik vazifalarini bajarishda ayni vaqtdagi ishlov berishning eng katta tezligiga ega bo‘lgan kompyuterlardir. Hozirgi vaqtda eng kuchli sinfga kiruvchi superkompyuterlar juda katta tezlik va hajmga ega bo‘lishi bilan baholanadi. Undan tashqari, superkompyuterlar mikroprosessorlarining ko‘pligi ham uning unimdorligini oshishiga xizmat qiladi. Superkompyuter oddiy kompyuterlar bajarishga ojizlik qiladigan o‘ta murakkab masalalarni osonlik bilan hal eta oladi. Shuning uchun superkompyuterlardan ob-havo ma’lumotlarini oldindan tuzish, fazo kemasi harakatini boshqarish, katta ilmiy hisoblash ishlarini bajarish kabi murakkab masalalarni hal etishda foydalaniladi.

Statistik tahlilidan superkompyuterlarda qo‘llanilayotgan operatsion tizimlar ichida Linux operatsion tizimi hissasining yuqoriligini kuzatish mumkin. Bugungi kunda ro‘yxatdagi superkompyuterlarning 85.20 foizi Linux operatsion tizmi(426 — Linux, 34 — Aralash, 30 — Unix, 6 — Windows, 2 — BSD, 2 — Mac OS) da ishlamoqda.

Yaponiyaning Fujitsu kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan «K Computer» nomli superkompyuter jahondagi eng kuchli elektron hisoblash mashinasi deb topilgan. Shunday qilib, jahondagi Top-500 superkompyuterlar reytingida birinchi o‘rin sohibi o‘zgardi. 2010-yil noyabr oyidan beri ushbu reytingni Xitoyning Milliy mudofaa texnologiyalari institutiga o‘rnatilgan «Tianhe-1A» superkompyuteri boshqarib kelayotgan edi. Bu haqda CNET internet-nashri xabar bergandi.

O‘tkazilgan sinov natijalariga ko‘ra, «K Computer» superkompyuterining unumdorligi soniyasiga 8,16 petaflopni (1 petaflop = soniyasiga suzib yuruvchi nuqta bilan 1 000 000 000 000 000 operatsiya) tashkil etdi. Bu millionta oddiy shaxsiy kompyuter quvvatlarining yig‘indisiga teng. Xitoyning superkompyuteri esa bu borada 2,6 petaflop natijani ko‘rsatdi.

Jahondagi eng kuchli superkompyuterlar beshligiga Amerikaning Jaguar kompyuter tizimi (1,75 petaflop), Xitoyning Nebulae (1,27 petaflop) va Yaponiyaning Tsubame 2.0 (1,19 petaflop) superkompyuterlari ham kirgan. Top-500 superkompyuterlar reytingida eng ko‘p AQSH’da o‘rnatilgan elektron hisoblash mashinalari joy olgan (256 ta). Ikkinchi o‘rinda — Xitoy (62 ta), uchinchi o‘rinda — Germaniya (30 ta), to‘rtinchi o‘rinda — Buyuk Britaniya (27 ta), beshinchida esa — Yaponiya (26 ta).

Eslatib o‘tish kerakki, Top-500 superkompyuterlar reytingi yilda ikki marta — noyabr va iyun oylarida yangilanadi. Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasini yaqinda egallagan «K Computer» Yaponiyaning Kobe shahridagi Fizika-kimyo tadqiqotlari instituti (RIKEN) binosiga o‘rnatilgan. Ushbu kompyuter tizimi har birida 8 tadan yadro bo‘lgan 80 ming dona protsessordan iborat. Uni Yaponiyaning Fujitsu kompaniyasi ishlab chiqarqan.

komp_2_09_2011

“K Computer” superkompyuteri

Fujitsu kompaniyasining matbuot-axborotnomasida yozishicha «K Computer» superkompyuteri 2012-yildan boshlab iqlim o‘zgarishidagi zilzilalalarni modellashtirishda hamda meteorologiya va yadro energetikasi sohalarida ishlatiladi.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar bugungi kunga ham xosligini ta’kidlab o‘tishimiz kerak. Zero axborot texnologiyalari kun sayin shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Kelajakda Amerikaning Okrij Milliy fizika laboratoriyasiga eng qudratli superkompyuter o‘rnatilishi kutilmoqda. Bu borada Cray kompaniyasi bilan 20 petaflop/soniya ko‘rsatkichli, ya’ni ayni paytda jahonda eng yetakchi hisoblangan — Tianhe-1A (Xitoy)dan sakkiz marotaba tezkor superkompyuter yaratish borasida shartnoma tuzilgan. Yangi kompyuterga Titan nomi berilgan bo‘lib, uni o‘rnatishga 2012-yildan kirishiladi. Loyiha qiymati ma’lum qilinmagan, biroq ayrim mutaxassislarning hisob-kitob-lariga ko‘ra, 100 million dollardan kam bo‘lmaydi.

Yangi ixtiro qilingan superkompyuterlar kelayotgan ob-havoni oldindan bashorat qilish imkoniyatini yaratishi tabiiy ofatlarning oldini olishda va boshqa masalalarda juda muhim hisoblanadi. Lekin bunday superkompyuterlarning ishlab chiqarish juda katta mablag, malaka va vaqt talab etgani uchun, ularni ishlab chiqarish va foydalanishga har qanday tashkilotning ham imkoniyati yetmaydi. Undan ezgu maqsadlarni amalga oshirishda samarali foydalanishi hayotimiz farovonligi yo‘lidagi dadil qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilishi tayin. Chunki superkompyuterlarning ishlash tezligi va hajmi o‘ta yuqoridir.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top