Infocom.uz

Yangi ijodiy parvozlarga chorlovchi tanlov

Unda tegishli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi SH.G‘ulomov, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda demokratik yangilanishlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar jarayonida milliy matbuotimizni rivojlantirish, axborot sohasini isloh etish, fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Istiqlol yillarida mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari ma’no-mazmun jihatidan butunlay yangilandi.

Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada ravnaq toptirish, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini to‘la ta’minlash, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda media tuzilmalarning faolligini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Jurnalist kadrlarning mehnatini e’zozlash va har jihatdan rag‘batlantirishda, ijodini yanada yuqori talablar asosida yo‘lga qo‘yishda jurnalistlar o‘rtasida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng ulug‘, eng aziz”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Atirgul”, “Ozod yurt to‘lqinlari” singari ijodiy ko‘rik-tanlovlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda.

Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab ta’sis etilgan «Oltin qalam» Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi tomonidan Milliy teleradiokompaniya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “Uzreport” axborot agentligi hamkorligida bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Ushbu ijodiy tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, media soha vakillarining o‘z fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi uchun sharoit yaratish, ularda tanqidiy fikrlashni va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvni shakllantirishdan iboratdir.

Xalqaro tanlov televideniye, radio, matbuot va internet-jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi. Unda qatnashish istagidagi jurnalistlar safi yil sayin kengayib borayotir. Ayni paytda ijodiy bellashuvning nominatsiyalari ham tobora ko‘paymoqda. Jumladan, 2006 yilda o‘tgan “Oltin qalam” I Milliy mukofoti uchun tanlovda g‘oliblar 13 (3 ta asosiy va 10 ta rag‘batlantiruvchi) nominatsiya bo‘yicha aniqlangan bo‘lsa, 2011 yildagi VI tanlovda 27 (1 ta bosh, 12 ta asosiy va 14 ta rag‘batlantiruvchi) mukofot ta’sis etildi.

Joriy yilgi tanlovning mukofot jamg‘armasi 189 million so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtiriladi. An’anaga ko‘ra, bu yil ham BMT, YUNESKO, Jahon banki singari bir qator xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan “Oltin qalam” Milliy mukofoti doirasida turli nominatsiyalar ta’sis etilgan. Joriy yilda tanlovga “Mustahkam oila yiliga bag‘ishlangan eng yaxshi material uchun” yangi rag‘batlantiruvchi nominatsiya ham kiritildi.

Ijodiy tanlov g‘oliblari 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni e’lon qilinadi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top