Infocom.uz

Yangi xizmat turlarini taqdim etish masalalari

Yangi axborot texnologiyalari bilan faoliyat ko‘rsatuvchi aloqa korxonalarining paydo bo‘lishi, bir qancha sabablarga bog‘liq.

Birinchidan, sohada juda tez sur’atlarda o‘zgarishlar, ya’ni xalqaro telekommunikatsiya bozorida yangi ishtirokchilarning paydo bo‘lishi, yangi mahsulotlar, yangi xizmat turlarining ko‘rsatilishi; operatorlarning yangi yo‘nalishlardagi faoliyatlari ma’lum bo‘lishi; ularning xizmat ko‘rsatish doiralari va chegaralarining ta’siri, raqobatbardoshligining ortishiga olib kelmoqda.

Ikkinchidan, operatorlarning tashqi muhiti o‘zgarishi: ishlab chiqarish texnologiyalarining paydo bo‘lishi, zamonaviy telekommunikatsiya vositalarini qo‘llashni talab etmoqda; davlat va jamiyatni tartibga solish sharoitlarining o‘zgarishi; ayniqsa, jahon iqtisodiy-moliyaviy inqirozi sharoitida iste’molchilar dunyoqarashlarining o‘zgarishi, telekommunikatsiya kompaniyalari faoliyatiga makroiqtisodiy va siyosiy omillarning ta’siri kuchayib bormoqda.

Uchinchidan, ushbu jarayonlarda iste’molchilarning ahamiyati ortib bormoqda: ularning muomalasi, subyektiv qiziqishlari va didlari o‘zgarmoqda; ularning xizmatlar xilma-xilligiga va sifatiga talabning ortishi, tariflarning tuzilishiga e’tibor o‘sishi; ularda muqobil xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari vujudga kelmoqda. Misol uchun, O‘zbekistonda 10-15 yil avval, shahar telefon tarmog‘i abonentlari an’anaviy xalqaro va shaharlararo telefon so‘zlashuvlaridan foydalanar edilar, hozirda ham foydalanib kelmoqdalar, ammo ular Internet tarmog‘i orqali arzon narxlarda xalqaro qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish mumkinligi haqida xayollariga ham keltirmagan edilar.

To‘rtinchidan, jahon bozori qatnashchilari axborotga talabining o‘sishi bilan bog‘liq tendensiyalar rivojlanishda davom etmoqda, mobil aloqa texnologiyalari va Internetdan keng ko‘lamlarda foydalanish orqali xususiy tadbirkorlikni jadallik bilan rivojlanishi kuzatilmoqda. O‘zaro hamkorlik, kooperatsiya va turli sohalardagi o‘zaro sherikchilik munosabatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda (ayniqsa, xalqaro moliya institutlarning faol yordamlari namoyon bo‘lmoqda).

Bugungi kunda O‘zbekistonda ham vaziyat o‘zgarmoqda. Mamlakatning eksport-import imkoniyatlari oshmoqda, yuqori tezlikda yangi texnologiyalar va aloqa standartlari joriy etilmoqda. Misol uchun, GSM mobil aloqa standarti so‘nggi 10 yil mobaynida deyarli barcha viloyatlarga kirib keldi. Zamonaviy xizmatlarni (rouming, tovushli pochta, keng polosali xDSL Internet xizmatlari, IPTV, videotelefoniya va boshqalar) ommalashib borishi kuzatilmoqda. Aloqa operatorlari faoliyatlari borgan sari ommalashib va soddalashib bormoqda. O‘zlarining strategiyalarini millionlab kishilarga ochiq-oydin so‘zlab berishga tayyorlar. Shu bilan birga, yangi texnologiyalar rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omilardan biri, mutaxassislarning texnik va umumiy savodxonligi yetarli darajada emasligidir. Buning oqibatida, boshqaruvchilarning hurmatsizlarcha munosabatlari, shu jumladan, top-menejerlar, axborot resurslari va ularning yaratuvchilari, oqibatda o‘ylanmagan qarorlar qabul qilishga, samarasiz vositalarni va kuchlarni sarflanishiga, tovar va xizmatlarning asossiz tannarxning o‘sishiga olib keladi. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarning rivojlanishi jamiyatning barcha tabaqalarining o‘zgacha tarzda rag‘batlantirishni talab etadi.

Hozirgi kunda yangi biznes-modellarini qo‘llashni faol tarzda rivojlantirish va kuchaytirish uchun quyidagilar zarur:
• barcha pog‘onalarda mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini zamonaviylashtirish;
• viloyatlarda axborot-texnik markazlar tarmog‘i (biznes-inkubatorlar) ni yaratish;
• barcha soha va tarmoq rahbarlarini yangi axborot texnologiyalarini qo‘llashni amalga oshirish;
• jamiyatni yanada kompyuterlashtirishni o‘sishini ta’minlash;
• yoshlarni ishga faolliklarini rag‘batlantirish, shu jumladan, barcha turdagi ta’lim dasturlarini yangilash yo‘li bilan;
• sohalarda axborot Internet-portallarni yaratish;
• elektron to‘lov tizimlarini, elektron tijorat faoliyatini yanada rivojlantirish.

Kelajakda yangi strategiya va biznes-modellar quyidagi istiqbolli natijalarga olib keladi:
• korxonaning moliyaviy samaradorligi yaxshilanishiga;
• ARPU (bitta abonentdan o‘rtacha daromad) ko‘rsatkichining o‘sishiga;
• boshqaruvning takomillashuviga;
• yangi xizmatlarni taqdim etish hajmining ortishiga;
• investitsion talabni qondirilishining ortishiga;
• raqobat muhitini rivojlanishiga;
• tashqi qaramlikning, ya’ni soliq, tariflarni asossiz o‘sishiga.

Shuni ta’kidalb o‘tish joizki, XXI asrda, axborot jamiyatini rivojlanishiga qarab, umuman olganda, axborot-kommunikatsiya xizmati iste’molchisi — mijoz o‘zgacha mavqega ega bo‘lib bormoqda. Uning uyiga kontent (Kontent (Content) — serverni kerakli axborot bilan to’ldirilganligi- matnlar, grafiklar, multimedia. Gipermatn belgilari vositasida tashkillashtiriladi. Kontentning muhim ko’rsatkichi bo’lib, uning hajmi, dolzarbligi va tinglovchilarga aniq yo’nalganligiga bog’liq bo’ladi. Kontent mijozlarni o’ziga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yirik veb-saytlar va tijorat sahifalarda maxsus kontentlarni boshqaradigan dasturiy ta’minotdan foydalaniladi) toifasiga qarab turli xil xizmatlar yetkazib berilishi mumkin:
• ko‘ngilochar dasturlar sohasida — reklama, musiqa, o‘yinlar va hokazo;
• kommunikatsiya sohasida — tovushli so‘zlashuv, rasmlar, videoreportajlar, pochta xabarlari, axborot eshittirishlari;
• ma’lumotlar bazasidan foydalanish orqali — bank hujjatlari, dasturiy modullar, mahsulotlar katalogi va hokazo.

Ushbu xizmatlarni qabul qiluvchi mijozlar turli kanallar orqali olishlari mumkin:
• umumfoydalanish telefon tarmog‘i orqali — koaksial va misli aloqa liniyalari bo‘ylab;
• ISDN, xDSL, ATM tarmoqlari orqali — shisha-tolali aloqa liniyalari bo‘ylab;
• videokontroller vositalari bilan uy — ATS orqali;
• simsiz aloqa kanallari orqali WLL;
• sputnik va kabel televideniyasi yordamida;
• ikkinchi mobil aloqa avlodi 2G (GSM-900/1800) yoki uchinchi avlod 3G (UMTS va boshqalar) orqali;
• Internet taromog‘i orqali.

Har bir aloqa operatori abonentga qanday xizmat ko‘rsatish kerakligini aniqlashi lozim bo‘ladi. Telekommunikatsiya bozorida an’anaviy biznes-modellar sharoitida umumfoydalanish uchun telefon tarmog‘i operatorlari, mobil aloqa operatorlari, Internet-provayderlar, hamda ko‘p uchramagan kirish huquqini beruvchi operatorlarni ko‘rishimiz mumkin.

Yangi biznes-modellar sharoitida, an’anaviy operatorlardan tashqari, yangi biznes-operatorlar, tarmoq, xizmat va servis provayderlar, hatto virtual biznes operatorlar paydo bo‘lmoqda. Ularning ishlab chiqarish faoliyati yo‘nalishlari o‘zgarmoqda. Bugungi kunda biznes-operatorlarning asosiy vazifalari tarmoqlarni tashkillashtirish, ta’sir doirasini kengaytirish, xizmatlarni faollashtirish, abonentlar bilan hisob-kitob qilish, ya’ni tarmoqni qurish va xizmatlarning sotilishini mijozlar bilan o‘zaro hamkorlikda yo‘lga qo‘yish lozim bo‘ladi.

Yangi biznes-modellarda avvalambor, amaliy dasturiy ta’minot yordamida integratsiya tizimini yaratish, yangi qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etish (xosting qo‘shimchalari, Web-xosting), axborot oqimlarini, tarmoqlarni boshqarishning amaliy masalalarini yechish, sheriklarga hamda mijozlarga maslahat berish va boshqalar, marketing bo‘yicha tahliliy ishlar, raqobatbardoshlikni tahlil qilish, operatorlarning axborot xizmati iste’molchilari so‘rovlariga «texnik javob berish» ta’minlashlari kerak bo‘ladi.

Operatorlar mijozlarning talablarini qondirishga qaratishlari lozim. O‘zaro munosabatlarga talabni ortishi va kontent-provayderlar, servis-provayderlar va tarmoq provayderlari bilan hamkorlik qilishlari lozim bo‘ladi.

Texnik jihatdan korxonalarning rivojlanishi, ularni boshqarish usullarini takomillashtirishga bevosita bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga, u yoki bu viloyatlarda nafaqat aholining to‘lov qobiliyati, balki ijtimoiy an’analari, yashash muhitining o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinishi lozim bo‘ladi.

E’tiborga molik jihati shuki, axborot-kommunikatsiya xizmatini tashkil etishda har bir «nuqta» ning ishonchliligini ta’minlash muammosi vujudga kelmoqda hamda zamonaviy sharoitlarda operatorlarning kadrlar siyosatini qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.

Aloqa korxonalarining yangi biznes-modellari quyidagi funksional xususiyatlarga ega:
• aktivatsiyalash — mijoz kanallarini kengaytirish: bir necha xizmatlar majmuini taqdim etish, ularni portallar va «on-layn» agregatorlar yordamida faollashtirish;
• integratsiyalash — real vaqt mobaynida talab va taklifni o‘zaro muvofiqlashtirish; o‘zaro tarmoq xizmatlari hamda resurslarini boshqarish; mijozlarga buyurtmalari asosida va zamonaviy billing dasturida xizmat ko‘rsatish;
• transformatsiyalash — tarmoq ishlari va boshqarishni, xizmatlar bozorida mijozlar bilan ishlashdan ajratish; kontent tizimlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish; provayder xizmatlari ko‘rsatishda biznes-mijozlarga ega bo‘lish;
• simli va mobil aloqasida amaliy xizmatlarni korporativ bozorda, iste’molchilar bozorida chakana xizmatlarni o‘zaro konvergensiyalash.

Yangi qo‘shimcha xizmat turlarini an’aniviy aloqa xizmatlari bilan bir qatorda joriy etishda, ularni yuqori sifatlarda taqdim etish hamda ularning to‘lovlarini qabul qilishning qulayligi va universalligini ta’minlash aloqa operatorlarini samaradorligini oshirishga, shuningdek, axborot-kommunikatsiya bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga yordam beradi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top