Infocom.uz

Yarim yillik yakunlari ko‘rib chiqildi

Yig‘ilishda Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2011 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi, jumladan, sohalarda 2011 yil uchun belgilangan iqtisodiy ko‘rsatkichlarning ta’minlanishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, innovatsiya va investitsiya loyihalarining bajarilishi, ishlab chiqarilishi mahalliylashtirilgan mahsulotlar turlarini, eksportbop mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi muhokama qilindi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida Kompleks bo‘yicha jami bir trillion 354,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatildi. O‘sish sur’ati 2010 yilning shu davriga nisbatan 122,7 foizni tashkil etdi. Aholiga 742,9 milliard so‘mlik (120,6 foiz) pullik xizmatlar ko‘rsatildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 122,8 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi yoki rejaga nisbatan 192,3 foizga bajarildi. Eksport prognozi ko‘rsatkichlari 183,1 foizni tashkil etdi.

Yig‘ilishda Kompleks tarkibidagi sohalarda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar, umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimiga o‘qishga qabul qilish chora-tadbirlari, mamlakatimiz milliy terma jamoalarini xalqaro olimpiya o‘yinlariga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlarning samaradorligi, bolalar sportini rivojlantirish borasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi.

Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil 12 noyabrdagi qo‘shma majlisida taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash yo‘nalishi yuzasidan qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishning borishi to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha tegishli davlat idoralari rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish, aholiga hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatishni yanada yaxshilash, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 20 yilligiga tayyorgarlik ishlari va targ‘ibot-tashviqot tadbirlarining borishi ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qo‘yilgan ustuvor vazifalar ijrosini amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top