Infocom.uz

Yosh tadqiqotchining samarali izlanishlari

Bunday vazifalarni amalga oshirishda yetakchi olimlar va mutaxassislar bilan bir qatorda yosh tadqiqotchilar ham faol ishtirok etayotgani navqiron avlodning jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonidagi faolligidan, intellektual salohiyati yuksalib borayotganidan dalolatdir.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti aspiranti Jasur Otajonov ana shunday yoshlardan biri.

Bakalavr ta’limini Urganch davlat universitetida olgan Jasurning iqtidori talabalik yillaridayoq ma’lum bo‘lgandi. U darslarni chuqur o‘zlashtirish, a’lo reyting natijalarini qo‘lga kiritish bilan bir qatorda universitetda ish yuritishda kompyuter texnologiyasining ahamiyati mavzuida ilmiy ish olib bordi. Izlanishlarining mahsuli sifatida universitetning lokal tarmoqda ishlaydigan reyting sistemasini yaratish bo‘yicha nazariy takliflar berdi. Yosh izlanuvchining bunday yutuqlari alohida e’tirof etildi – texnika va informatika ta’limi yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi.

Yosh tadqiqotchi hozirgi kunda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti aspiranti sifatida O‘zbekiston kutubxonalarining axborot tarmog‘ida korporativ kataloglashtirish tizimi uchun algoritmlar va dasturiy vositalar majmuini ishlab chiqish mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.

Bu mavzu kutubxonalarning oddiy kataloglari o‘rnida avtomatlashtirilgan qidiruv tizimini yaratishga yo‘naltirilgan. Aspirant kelajakda har bir kitobxon mamlakatimiz kutubxonalari xazinasida saqlanayotgan adabiyotlarni masofadan turib topish, kutubxonalar xazinasi bilan to‘la-to‘kis tanishish, zarur manbaga buyurtma berish, elektron nusxasini ko‘chirib olish imkoniyatiga ega bo‘lishini orzu qiladi. Ayni paytda jahon aloqa tarmog‘i orqali xorijdagi kutubxonalar bilan bunday virtual aloqa o‘rnatish mumkin. Mamlakatimizdagi ziyo maskanlari o‘rtasida bunday aloqani joriy etish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir.

Bunga erishish uchun millionlab nusxadagi yozma manbalar zaxirasidan foydalanish jarayonini avtomatlashtirish talab etiladi. Anchayin murakkab bu vazifani amalga oshirish uchun zamonaviy tamoyillar bilan bir qatorda milliy kutubxonachilik xususiyatlarini inobatga olish muhim ahamiyatga ega. Jasur Otajonovning ustozlari va kutubxonachilik sohasining yetakchi mutaxasislari bilan hamkorlikda KARMAT – korporativ axborot-resurs markazlarining avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha amalga oshirayotgan ilmiy loyihasi ana shu yo‘nalishdagi barcha dolzarb masalalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

KARMAT – yurtimiz sharoitiga mo‘ljallangan milliy loyiha. Bu tizimda har bir kutubxonaning o‘ziga xos xususiyatlari, kitob fondi, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish tartibi inobatga olingan. Uning ta’lim maskanlari va respublika miqyosidagi kutubxonalar uchun mo‘ljallangan turlari ishlab chiqildi. KARMATning mamlakatimizdagi boshqa dasturiy ta’minot mahsulotlaridan farqi shundaki, bu tizimda kitoblarni kataloglashtirish jarayoni bitta umumiy serverdan turib boshqariladi. Bundan tashqari, u ham lokal, ham global tarmoqda birdek ishlaydi.

– KARMAT internet tarmog‘i orqali virtual katalogdan kerakli kitobni izlashgina emas, istiqbolda uning elektron variantini o‘qish, ko‘chirish va hatto sotib olish imkoniyatini ham beradi, – deydi Jasur Otajonov.

Mazkur tizim O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Toshkent islom universiteti, poytaxtimizdagi bir qator akademik litseylarda sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Yaqinda ushbu ilmiy loyiha asosida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning besh hududiy filiali axborot-resurs markazlarini yagona tarmoqqa birlashtirgan virtual elektron kutubxona tashkil etildi.

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top