Ushbu zamonaviy inshootning kattaligi va kengligi, go’zalligi har qanday kishini qayratlantiradi. U rostdan ham yurtimiz yuragida qad ko’targan mo”jizalardan biri ekanligiga amin bo’lasiz. Xalq tili bilan aytganda, bo’yiga boqib havas, mevasini yeb, huzur qilasiz.
– Binoda ko’p qismli teleseriallar va boshqa teleradiomahsulotlar tayyorlashga mo’ljallangan 4 ta (2 ta 1000 m?, 2 ta 600 m?) studiya hamda shu studiyalarga mos apparatxonalar, artistlarning dam olish va kiyinish xonalari, liboslar turadigan, pardozlash hamda o’quv xonalari, videoteka, fonoteka, oshxona va boshqa ko’pgina xonalar mavjud, – deydi kompaniyaning investitsiya va kapital qurilish bo’limi boshlig’i Saidakbar Abilov. – O’bekiston milliy teleradiokompaniyasi buyurtmasiga binoan, “Tashgiprogor” OAJ loyihasi asosida
“12-trest” OAJ tomonidan qurib bitkazilgan ushbu korxonaga Germaniyaning “BFE Studio und Medien Systeme Gmbh” kompaniyasi tomonidan yig’ilgan eng zamonaviy mul’timedia va texnik vositalar o’rnatilgan. Bu yerdagi texnikalarning imkoniyati yoki ishlash tizimi bugungi kunda mamlakatimizda faoliyat ko’rsatuvchi professional studiyalarnikidan ancha yuqori.
Hozirda barcha taraqqiy etgan mamlakatlarda televidenie ko’rsatuvlari va kino sohasida raqamli formatga o’tish jarayoni bormoqda. Yangi bunyod etilgan zamonaviy “Mediamarkaz”ning texnologik tizimi ham raqamli formatda ishlaydi.
Tele-audio texnikalarining asosiy qismini esa mashhur “Sony”, “Canon”, “Vinten”, “Yamaha”, “Neumann” firmalarining jihoz va uskunalari tashkil etadi. Turli konsert dasturlari, tok-shoularni tasvirga tushirish uchun mo’ljallangan, 300 kishidan ziyod tomoshabinni o’z ichiga sig’dira oladigan maydoni 1000 kv.metr bo’lgan pavil’on teleskopik o’rindiqlar bilan jihozlangan.
Mazkur studiyada HD formatida ishlovchi yuqori sifatli 5 ta professional kamerada tasvirga olish sharoiti bor.
Umuman, “Mediamarkaz” bo’yicha bunday formatda ishlovchi kameralarning soni 21 tani tashkil etib, ulardan 1 tasi simsiz ishlaydi. Mazkur videokamera ma’lum diapazondagi chastota orqali atrofdagi voqea va hodisalarni to’g’ridan-to’g’ri rejissyor apparatxonasiga uzatish imkoniyatiga ega. Studiyalardan turli murakkab planlarda suratga tushirishga ko’mak beruvchi zamonaviy “Egripment” firmasining 1 ta 9 metr va yana 1 ta 6 metr uzunlikdagi kranlari o’rnatilgan. Shuningdek, har bir studiya 1 tadan 3 metrli kran va rel’slarda harakatlanuvchi 2 ta teleoperatorlik aravachasiga ega.
Konsert va turli tok-shoularga mo’ljallangan studiyalarda “Orion” firmasining eni 3, balandligi 1,5 metrlik monitorlari mavjud. Qo’shimcha ravishda ishlovchi ovoz yozish va uzatish tizimini boshqaruvchi professional miksher pul’tlari hamda konsert dasturlarini o’tkazishga mo’ljallangan audiomonitorlar ham bor. Ularga ushbu jihozlarga mos ravishda ishlash uchun Germaniyaning mashhur “ARRI” firmasining 36 ta turli effektlarni beruvchi zamonaviy yoritish uskunalari o’rnatilgan. Bundan tashqari, ushbu firmaning shiftga osilgan 90 ta teleskoplari kerakli yoritish imkoniyatini yaratib beradi. Turli effektli chiroqlar va teleskoplar “ETC” firmasining “Congo” boshqaruv pul’ti bilan muvofiqlashtirib turiladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, “Mediamarkaz”ning butun ish jarayoni tele-video mahsulotlar lentasiz ishlab chiqarishga asoslangan bo’lib, har bir studiya apparatxonalari mustaqil ravishda ishlovchi 24 terrabayt hajmdagi serverlarga ega.
Bunda lentali tizimdan farqli o’laroq, videokameralar orqali tushirilgan tasvirlar videomiksher pul’tlariga kelib tushadi va raqamlashtirilgan signal to’g’ridan-to’g’ri serverga yoziladi. Kameralardagi tasvirlar ham parallel’ ravishda serverga yetkazib beriladi. Barcha montaj apparatxonalari va ko’rik xonalari o’zaro shisha tolali aloqa liniyalari yordamida bog’langan bo’lib, ma’lumotlar bazasi yagona server tizimiga birlashtirilgan.
Milliy seriallar ishlab chiqarishga mo’ljallangan pavil’onlar ham xuddi shunday keng imkoniyatlarga ega bo’lib, ularda barcha ijodiy va texnik xodimlar tez, qulay hamda sifatli ish olib boradilar. Ushbu jarayonning yuzaga kelishi bilan barcha ish hajmi hozirgiga nisbatan bir necha barobar oson va yengillashadi. Birgina misol, shu paytgacha ko’p qismli badiiy fil’m yaratish uchun poytaxtimiz yoki viloyatlarning biridan muayyan bir joy tanlanib, san’atkorlar, ijodiy va texnik xodimlardan iborat guruh o’sha manzilga borishar edi. U yerdan tasmaga ko’chirilgan tasvirlarga montaj apparatxonalarida qo’shimcha ishlov berilardi. Tayyor bo’lgan kadrlar ko’rikdan o’tkazilib, to efirga berishgacha bo’lgan jarayon ham ancha vaqtni o’z ichiga olardi. Bir so’z bilan aytganda, ortiqcha vaqt, xarajat va boshqa majburiyatlar bajarib kelingan.
Endilikda esa ularning bariga chek qo’yilib, barcha ishlar tez, oson, qulay va sifatli bajariladigan bo’ldi. Studiyalarga dekoratsiya va sahna bezaklari o’rnatilib, shu yerning o’zida tayyor mahsulot yaratiladi. Quvonarli tomonlaridan yana biri shuki, g’oyaviy-badiiy jihatdan yuksak va texnik sifatli tasvirlarni nafaqat yurtimiz efirlariga, balki sun’iy yo’ldosh orqali butun dunyoga namoyish etish imkoniyati ham bor.
“O’zbekiston MTRK Mediamarkazi” DUKda bajarilgan ilk ijodiy ish “O’zbekiston” teleradiokanali “ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy dasturlar” bosh muharririyati xodimlari tomonidan mamlakatimiz paxtakorlarining yillik rejani bajarganliklariga bag’ishlab tayyorlangan “Zafar muborak, aziz paxtakorlar!” nomli ikki soatga mo’ljallangan maxsus ko’rsatuv bo’ldi. Shundan so’ng “Ohanrabo”, “G’azal bo’stoni”, “Rangin dunyo”, Yangi yil ayyomiga bag’ishlangan “Oq farishtalar”, “Bayram oqshomi” (2-qismi), bolajonlarimizga mo’jallangan “Zulfizar” kabi ko’rsatuvlar tasvirga tushirildi.
“Toshkent” teleradiokanali ijodkorlari ham “Mediamarkaz” studiyalaridan foydalanishni boshlab yuborganlar. Masalan,”Poytaxt” biznes markazi, Xasti imom majmuasi, yangi foydalanishga topshirilgan “Toshkent – 3” aeroporti, Bo’stonliq manzaralari, jumladan, “Burchmulla”, “Chimyon” tog’lari go’zalliklariga bag’ishlangan ijtimoiy roliklar yaratildi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 20 yilligi oldidan “Mudofaa vazirligi namunali harbiy orkestri ijro etadi”, “Salom, Toshkent!”, “Kadr ortida”, “Mening shahrim” singari ko’rsatuvlar, studiyaning turli rangdagi chiroqlari hamda “Sato” guruhining diltortar kuylari uyg’unlashgan holda tayyorlangan “O’zbegim liboslari” deb nomlangan jozibali dastur muxlislarda katta taassurot uyg’otishi shubhasiz.
Ayniqsa, Dilshod Bo’riev g’oyasi asosida rejissyor Akmal Ibrohimov va yana bir necha tajribali ijodkorlar bilan hamkorlikda tayyorlangan “Toshkentda yangi yil sayli” deb atalgan bayram dasturining har tomonlama yuksak saviyadaligi sezilib turibdi. Bu ishlarni amalga oshirishda rejissyorlar Murodjon Odilov, Akmal Ibrohimov, Mardon Zunnunov, tasvirchilar Sherzod Abdullaev, Orif Sodiqovlarning xizmatlari beqiyos.
“Yoshlar” teleradiokanali ijodiy va texnik xodimlari tomonidan esa “Osh bo’lsin!”, “Katta tanaffus”, “O’zbek adabiyoti”, “Ko’zmunchoq” ko’rsatuvlari hamda O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 20 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag’ishlangan ijtimoiy teleroliklar tayyorlanib, tomoshabinlarga taqdim etilmoqda.
Bu dasturlarning aksariyati parallel’ ravishda yaqinda ochilgan “UzHD” telekanali orqali efirga uzatilmoqda. Aytish kerakki, mazkur telekanal MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo’lib bizning mamlakatimizda faoliyat boshlashi bejiz emas. “Mediamarkaz”dagi har bitta texnik asbob-uskunalar imkoniyat darajasi keng bo’lgan HD formatda ishlaydi. Demak, sharoit borligi uchun shunday katta ishga qo’l urildi. Endilikda yuqori tiniqlikdagi, professional tasvirlar tomoshabinlarni hayratga tushirishi tayin.
Manba: www.mtrk.uz