Infocom.uz

Zamonaviy web – dizayn va Mashup texnologiyasi

Har bir web-sayt o`zining ma`lumotlar hajmi, tuzilish strukturasi va dizayniga egadir. Bunday saytlarni tuzishda turli usullar mavjud bo`lib ular o`zlarining imkoniyatlari va qulayliklari bilan boshqalaridan ajralib turadi. Bugungi kunda web – saytlarni tuzish va kontentlarni boshqarishda ikki usulni alohida takidlab o`tish mumkin. Ulardan biri hozirda judayam ommalashgan Portal texnologiyasi, ikkinchi texnologiya bu web – dizayn sohasidagi yangi va ancha istiqbolli Mashup texnologiyadir.

Bugungi kunda web-saytlarni tuzishda ananaviy va keng tarqalgan texnologiya bu – Portal texnologiyasidir. Bu texnologiyani rivojlanishi uchun juda ko`p izlanishlar amalga oshirilgan. Bu izlanishlar natijasida Portal texnologiyasining keng yoyilishiga erishildi. Shunga qaramay web – sayt yaratishning Portal modeli bir qancha kamchiliklarga ega.

Portal texnologiyasida web-sayt tuzish va uni Internetga joylashtirish uchun ko`p vaqt va mablag` talab etiladi. Masalan, biror tashkilotning web – saytini tuzish uchun ushbu sohada yetarlicha bilimga ega bo`lgan mutaxasisga murojaat etish kerak. U web – saytni ma`lum muddatda tayyor holatga keltiradi, uni Internetga joylashtiradi, bu orada ancha vaqt, mehnat va mablag` sarflanadi. Saytni Internetga joylashtirgandan keyin uni boshqaruvchi administrator kerak bo`ladi, buning uchun yangi ishchi kuchi kerak bo`ladi, agar sayt judayam murakkab bo`lsa bu ishlarni bir shaxs emas, balki guruh bo`lib amalga oshiriladi. Bu guruhning har bir a`zosini oylik maosh bilan ta`minlash kerak bo`ladi. Portal texnologiyada tuzilgan web – saytlarni o`zgartirish ham murakkab jarayon hisoblanadi, bundan tashqari ushbu saytdagi ma`lumotlarni yangilab turish zarur.

Mana shu kamchiliklarni bartaraf etish uchun Mashup texnologiyasini qo`llash kerak bo`ladi. Хo`sh bu qanday texnologiya? Uning afzalliklari nimadan iborat? Eng avvalo Mashup haqida umumiy ma`lumotlarni bilib olish kerak.

Mashup bir qancha manbaalardan ma`lumotlarni bir ilovaga joylashtirish va ularni boshqarishni ta`minlovchi texnologiyadir. Mashupda qo`llaniladigan kontentlar boshqa saytlar va internet хizmatlaridan ochiq interfeys yoki amaliy dasturlash interfeysi – ADI (ingliz tilidan API – Application Programming Interface) orqali olinadi. Shu o`rinda yopiq interfeysdan foydalanish Mashup bo`lmasligini eslatib o`tish joiz. Boshqa usullarda kontentlarni olish web-fidlar ya`ni RSS yoki HTML-sahifa parsing bo`lishi mumkin.

Mashupni tuzish uchun alohida administratorlar talab etilmaydi, uni web – texnologiyalaridan хabari bor oddiy foydalanuvchi ham tuzishi mumkin. Buning uchun mashup dasturiy ta`minoti (masalan, IBM Mashup Center) qo`llaniladi. Ushbu dasturiy ta`minot yordamida foydalanuvchilar o`zi uchun qulay bo`lgan ko`rinish va o`zi uchun kerakli bo`lgan ma`lumotlarni o`zida jamlagan web-sayt tuzishlari mumkin.

Mashupni tashkil etishda uni xavfsizlik darajasi va boshqaruviga qarab ikki turga ajratib olish mumkin:
1. Oddiy foydalanuvchi uchun mashup – bu ko`p hollarda Web 2.0 texnologiyaga asoslangan va foydalanish davomida tashkil etiladigan mashup hisoblanadi.
2. Ishlab chiqarish mashuplari – mashupning bu turida xavfsizlik va boshqaruv talablariga katta ahamiyat berilad.
Mashup texnologiya arxitekturasini shartli ravishda uch qismga ajratish mumkin:
1. Kontent provayderi – bu ma`lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi. Yuqorida aytib o`tilganidek ma`lumotlar ochiq interfeys yoki web-fidlar orqali olinishi mumkin.
2. Mashup sayti – bu axborot manbaiga bog`liq bo`lmagan holda xizmatlarni taqdim etuvchi web-ilovadir.
3. Mijoz brauzeri – foydalanuvchi uchun mo`ljallangan mashup interfeysidir.

Agar mashup texnologiyani biznes faoliyatiga joriy etilsa, katta natijalarga erishish mumkin. Bu borada mashup foydalanuvchilar uchun yangi xizmatlarni taqdim etadi va axborot almashinuvidagi ba’zi kamchiliklarni bartaraf etadi.

Korxonalar ichki axborot almashinuvida yoki mijozga mahsulot sotish jarayonida axborotning tarmoqqa haddan ziyod ko`p yuklanishi kuzatiladi, bu muammo bilan deyarli barcha korxona va ishlab chiqaruvchilar duch kelishadi. Mashup ma`lumotlarni turli manbaalardan olib, bu holatni bartaraf etadi. Masalan, biror mahsulotni tasvirini ko`rish uchun foydalanuvchi yoki mijoz avvalo qidiruv tizimidan foydalanadi, keyin undagi ma`lumotlar ichidan o`ziga kerakligini qidirib topadi. Bu holatda foydalanuvchi judayam ko`p saytlarni ko`rib o`tadi va axborotning me’yordan oshib ketishi kuzatiladi. Foydalanuvchi (yoki mijoz) va biznes faoliyatini tashkil etgan shaxslarning bu muammolarni hal etish uchun mashup-sayti tuziladi. Mashup-saytida bir turdagi kerakli axborotlar (matn, rasm, video va tovush) jamlanadi va tasniflanadi. Bu holatda foydalanuvchilar o`zlari uchun kerak bo`lgan ma`lumotlarni tez topish imkoniyatiga ega bo`ladilar.

Mashup nafaqat turli ma`lumotlarni birlashtiradi, balki, web – dizayn sohasidagi bir qancha texnologiyalarni ham birlashtiradi, va birgalikda ishlashini ta’minlaydi.

Ba`zi mashuplar faqat JavaScriptda XML kodlar orqali tuzilishi mumkin. Agar murakkabroq mashuplarni tuzish maqsadi qo`yilgan bo`lsa, unda bir qancha texnologiyalarni birlashtirish mumkin, masalan, JavaScript, PHP, CGI, ASP, Google Maps, ma`lumotlar bazasi va boshqa texnologiyalarni o`zaro bog`lab yaxlit bir mashup – sayt tuzish mumkin.

Mashup texnologiyasini yanada aniqroq tushintirish uchun quyidagi turistik firmaning web – saytini misol tariqasida ko`rib o`tamiz. Ushbu misoldan Mashup texnologiyaning Portal texnologiyadan ustun va afzal tomonlarini aniq tahlil etib o`tamiz.

Bizdan biror turistik fimaning faoliyatini aks ettiruvchi va mijozlar uchun yetarlicha axborot bera oladigan web – saytni tuzish talab etilgan bo`lsin. Bu saytda quyidagi ma`lumotlar bo`lishi mumkin. Horijiy davlatlardagi diqqatga sazovor joylar, turli oromgohlar, horijiy mehmonxonalar, ularning narxlari va suratlari, ularning joylashgan o`rni (xaritada), horijiy davlatlarga aviareyslar, har bir davlatga borish uchun ketadigan mablag` va hokazo. Ushbu ma`lumotlarni o`z ichiga oladigan, Portal texnologiyasida yaratiladigan sayt uchun juda ko`p vaqt va mehnat qolaversa, mablag` kerak bo`ladi. Masalan, ma`lumotlarni har xil joydan olib ularni qayta ishlab web – saytga joylashtirish, ularga suratlar qo`yish ancha mehnat va vaqt talab etadi. Bundan tashqari binolarning xaritadagi o`rnini web – sahifaga joylash katta qiyinchilik tug`diradi. Bu ishlarni tugatib web – saytni Internetga joylab, ishga tushirilgandan keyin yana yangi muammo paydo bo`ladi. Bu saytni tez-tez yangilab turishidir. Ba`zi ma`lumotlar o`zgarmasligi mumkin, masalan binolarning suratlari, joylashish o`rni. Lekin narxlar, turli chegirmalar va yangiliklar tez-tez o`zgarib turishi kerak. Bularni ta`minlash uchun web – saytga ishlov berib turuvchi administratorlar kerak bo`ladi. Bu esa o`z o`rnida ish beruvchi uchun noqulay hisoblanadi.

Agar xuddi shu web – saytni mashup texnologiyasi asosida tuzilsa, u ancha oson, tez va arzon bitadi. Web – saytni tuzuvchi shaxs avval saytni strukturasini maxsus dasturiy vositada yaratib, keyin unga ma`lumotlarni turli saytlardan qo`shib qo`yadi. Misol tariqasida ko`rib o`tadigan bo`lsak, turistik firma o`zi sayohat uyushtira oladigan davlatdagi mehmonxonalar saytlaridan kerakli ma`lumotlarni qo`shadi. Bunda mehmonxona haqida umumiy ma`lumot, mehmonxonada qolish uchun ketadigan kunlik harajat, mehmonxona surati bo`lishi mumkin. Uning xaritadagi o`rnini esa Google Maps yordamida hosil qilinadi. Aviareyslar va chiptalar narxini esa O`zbekiston havo yo`llari saytidan olinadi va mashup – saytga biriktiriladi. Keyin ma`lumotlarni turi bo`yicha tasniflanadi. Shu bilan web – sayt tayyor va uni Internetga joylansa, qolgan saytlar o`z ma`lumotlarni yangilaganda bu saytdagi xuddi shu ma`lumotlar ham yangilanib boradi. Bu ishlarni qisqa muddatda amalga oshiriladi va buning uchun ko`p mab`lag` talab etilmaydi. Masalaning yana bir muhim jihati saytdagi tez-tez amalga oshib turadigan yangilanishdir, bu esa foydalanuvchilarning etiborini tortishga asosiy sabablardan biri bo`ladi.

Ko`rib o`tilgan misoldan Mashup texnologiyaning bugungi web – saytlar olamida tutgan o`rnini anglab olish qiyin emas. Mashup – web – dizayn sohasidagi yangi texnologiyadir. Bu texnologiya endi shakllantirilayotganiga qaramay ko`p mutaxassis va qiziquvchilarning e`tiborini o`ziga tortdi. Sababi bu texnologiya o`zining bir qancha qulayliklariga egadir.

Mashup texnologiyaning yutuqlarini quyidagilarda ko`rish mumkin:

1. Mashup joriy ilovalardan ko`p marta foydalanish imkonini beradi.
2. Tezkor amaliy ishlov berishni ta’minlaydi.
3. Saytni yaratishga ketadigan vaqt va mehnatni tejaydi.
4. Mashupni hosil qilish axborot texnologiyalari sohasida xususan web – dizayn bo`yicha chuqur bilim va ko`nikma talab etmaydi.
5. Saytni tuzish jarayonida tuzuvchi hech qanday kodlar yozmaydi.
6. Saytni tuzish va unga ishlov berish jarayonida sarflanadigan mablag`ni tejaydi.
7. Mashup – saytlarida yangilash doimiy va qisqa muddatlar ichida amalga oshirib turadi.
8. Har bir saytning takrorlanmas o`ziga xos dizayn va kontentlarga ega bo`lishi.

Yuqoridagi fikrlarni yanada mustaxkamlash uchun Mashup ekotizimini taxlil etib utamiz. Quyidagi rasmda Mashup ekotizimi tasvirlangan.

zam_26_12_2009_1

Har bir element o`zidan pastki darajada bajarilib, natija esa Mashup – ilovani yaratish hisoblanadi. Mashup – ilova ekotizimining eng yuqori darajasi hisoblanadi, lekin uni ekotizimning quyidagi barcha elementlari mavjud bo`lgandagina olish mumkin.

Mashup – ilova – bu mukammallashtirilgan yangi ilovani tuzish uchun ikki va undan ortiq turli komponentlar birlashmasidan tashkil topgan holat ilovalaridir. Soddaroq qilib aytadigan bo`lsak, Mashup – ilova bu – Mashup texnologiyasi asosida yaratilgan web – ilovadir.

Mashup konstruktori – bu Mashup – ilovani yaratish uchun komponovka muhitidir. U foydalanuvchiga umumiy foydalanishdagi ma`lumotlar va xizmatlarni ichki korporativ ma`lumotlar va xizmatlar bilan birlashtirilishi jarayonida Mashup – ilovalarini vizual komponovka qilish uchun samarador usullarni taqdim etadi.

Vidjet – boshqa bir yoki bir nechta xizmat va kontentlardan foydalanish imkonini beruvchi dasturiy komponent hisoblanadi. Vidjetlarni loyihalashda asosiy e`tibor talab va sozlashlarga qaratiladi. Ko`p miqdorda vidjetlarni hosil qilish uchun vidjetlarga taqdim etiladigan hizmatlar va axborotlarni olish imkoni erkin bo`lishi kerak.

Ma`lumotlar xizmati – bu xizmat provayderi kontentga ruxsatni taqdim etuvchi texnologik muhitni ifodalash tushinchasidir. Odatda bular web – fidlar ya`ni RSS, SOAP/Web Services Description Language (WSDL), Asynchronous JavaScript + XML (Ajax) yoki XML Remote Procedure Calls (XML-RPC) kabi texnologik muhitlardir.

Kontent – bu Mashup – sayti uchun boshqa sayt yoki portallardan olinadigan ma`lumotlar va xizmatlardir. Ba`zi hollarda kontent deyilganda mashup – saytdagi mavjud xizmat va axborotlar ham tushiniladi.

Agar bizda Mashup – ekotizimi mavjud bo`lsa, holat ilovalarini mashup konstruktori yordamida tuzishimiz mumkin. Mashup konstruktorida quyidagi modellar foydalaniladi:

1. Komponovka – ishlab chiqaruvchilar Mashup – konstruktorga qulay bo`lgan vidjet kataloglarini ishlab chiqishi mumkin. Bu katalog o`zida lokal tashkil etilgan va tashqi ruxsat etilgan vidjetlarni jamlaydi. Bu esa foydalanuvchiga mashup – ilovalarini tuzishda zarur bo`lgan xizmat yoki kontentlarni tez joylash va qabul qilish imkonini beradi.
2. Bog`lash
– sayt tuzuvchi ( yoki oddiy foydalanuvchi) ilovada o`zi uchun qulay va kerakli xizmatlar va ma`lumotlarni ishlatadi. Ularni Mashup konstruktori yordamida qo`shadi va mashup – ilovalarini vizual holda tez tashkil etadi.
3. Chop etish – tuzuvchi (foydalanuvchi) mashup – ilovalarini barcha uchun qulay tarzda tashkil etadi. Bundan maqsad ilovadan malakali mutaxasislar ham foydalana olishlari va turli jamoalarni tashkil etish mexanizmlarini qabul qila olishlarini ta’minlashdir.

zam_26_12_2009_2

2-rasm. Komponovka, bog`lanish va taqsimlanish modeli
Yuqoridagi jarayonlarda uchta rol alohida ko`rsatib o`tiladi:

1. Ta`minlovchi – u vidjetlarni yozib ularni katalogga qo`shadi. U mualliflar bilan bo`lanib ularni talabini o`rganib chiqadi va kerakli xizmatlarni qo`shadi. Odatda u ma`lumotlar bo`limi ishchisi yoki dastur yoza oladigan boshqa bir shaxs bo`ladi.
2. Muallif
– odatda dasturchi bo`lmagan, biznes – foydalanuvchi yoki shu soha eksperti bo`lgan shaxs. Muallif ta`minlovchi tomonidan tuzilgan mashup – ma`lumotlaridan mashup – ilovani hosil qiladi.
3. Malakali mutaxasislar
– bu jamoa keyingi jarayonlarda ilovalarni yaxshilash uchun ulardan ko`zlangan maqsad yo`lida foydalanuvchi va jamoaga uning mexanizmlarini qabul qiluvchilardir.

Mashup texnologiyasidan foydalanish jarayonida mualliflik huquqiga alohida e’tabor berish talab etiladi. Ya`ni boshqa sayt yoki portallardan ma`lumot olayotgan shaxslar ushbu ma`lumot egalarining mualliflik huquqlarini buzmasliklari kerak. Eng avvalo olinayotgan web – sayt yoki sahifadagi mualliflik huquqini belgilovchi © belgining mavjudligiga ahamiyat berish talab etiladi. Mashup – sayt egasi boshqa saytdan olgan ma`lumoti ostidagi © belgini o`zining saytida ham aks etib turishini ta`minlashi kerak.

Bu maqoladan shuni ko`rishimiz mumkinki, Mashup texnologiyasi bugungi kun web – dizayn olamida sezilarli o`zgarishlarga sabab bo`la oladi. Albatta bugungi kunda Portal texnologiyasi ustida olib borilgan izlanishlar va sarflangan mablag`lar ushbu texnologiyaning keng tarqalishiga aniqroq aytganda standartlashishiga olib keldi. Lekin kelajak web – dizaynining yangi texnologiyasi sifatida Mashup texnologiyasini olish mumkin. Bu texnologiya ustida olib boriladigan izlanishlar uning yangi kurinishlari va imkoniyatlarini ochib berilishiga umid bog`lanmoqda. Bundan tashqari Portal va Mashup texnologiyalarini bir-birini qo`llab – quvvatlovchi turlari ishlab chiqilishi ham mumkin. Masalan, mashup maxsulotlarini qo`llovchi Portal texnologiyalar va aksincha portal maxsulotlarini qo`llovchi Mashup texnologiyasi. Bu texnologiyalarning rivoji kelajak web-syatlarining yanada mukammal va yanada qulay bo`lishiga asos bo`ladi.

Adabiyotlar:
Michael Ogrinz – “Mashup Patterns: Designs and Examples for the Modern Enterprise” Addison-Wesley Professional 2009.
http://en.wikipedia.org/wiki/Mashup_(web_application_hybrid)
http://www-01.ibm.com/software/info/mashup-center/

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top