Infocom.uz

O‘sib borayotgan Visa xizmatlari qatori sun’iy intellektga asoslangan yangi mahsulotlar bilan to‘ldirilmoqda

  • Visa Protect xizmatlar paketi firibgarlikni aniqlash va blokirovka qilishga yordam beruvchi sun’iy intellektga asoslangan uchta yangi yechim bilan kengaytirildi.
  • Yangi xizmatlar lahzali to‘lov tizimi orqali to‘lovlar o‘tkazishda firibgarlikka qarshi kurashish uchun ilg‘or yechim va qanday to‘lov tarmog‘i bo‘lishidan qat’iy nazar firibgarlikning oldini olish imkoniyatlarini o‘z ichiga oladi.
  • Global xizmatlar portfelidan foydalanish darajasi oshdi: 265 ta yirik Visa mijozlari Visa kompaniyasi taklif qiladigan qo‘shimcha xizmatlardan o‘rtacha 22 ta mahsulotdan foydalanmoqda[1].

Raqamli to‘lovlar tarmoqlari orasida yetakchi hisoblangan  Visa (NYSE:V) o‘zining qo‘shimcha xizmatlari (value-added services) doirasi kengayganligini e’lon qildi. Kompaniya xavf-xatarlarni boshqarish va firibgarlikning oldini olish uchun o‘z portfeliga sun’iy intellektga asoslangan uchta yangi yechim qo‘shdi. Visa Protect kompleksli xizmatlar paketiga  kiritilgan yangi mahsulotlar lahzali to‘lov tizimi orqali kartasiz to‘lov amalga oshirish va bir hisobdan boshqasiga po‘l o‘tkazish (card-non-present, CNP), shuningdek, Visa tarmog‘i va undan tashqarida tranzaksiyalar amalga oshirish paytidagi firibgarlik darajasini pasaytirish uchun mo‘ljallangan.

Visa Protect Visa kompaniyasining keng ko‘lamli qo‘shimcha xizmatlarining bir qismi bo‘lib, u 200 ga yaqin mahsulotga ko‘paydi va eng ko‘p talab qilinadigan beshta toifani qamrab oldi: to‘lovlar qabul qilish, maslahatlar berish, emissiya, Open Banking va tranzaksiyalarni himoya qilish. Mijozlarga kuchayib borayotgan talablarni yengishda yordam berish uchun Visa firibgarlikning oldini olish va sun’iy intellektga sarmoyalar kiritish bo‘yicha o‘n yillik tajribalarini birlashtirdi, shuningdek, firibgarlik darajasini pasaytirish va tarmoq xavfsizligini yaxshilash uchun faqat so‘nggi besh yil ichida texnologiya va innovatsiyalarga 10 milliard dollar sarmoya kiritdi.

“Raqamli to‘lovlar savdo operatsiyalari doirasidan ancha uzoqlashmoqda – biz g‘oliblar tez harakat qiladigan, sun’iy intellekt muhim rol o‘ynaydigan, iste’molchilar tajribasi moslashuvchan bo‘lib, platformalarda xavfsizlik o‘rnatilgan zamonaviy tijorat davriga qadam quymoqdamiz”, deydi Entoni Kexill, (Antony Cahill), Visa Value-Added Services global yo‘nalishi rahbari.  “Bugungi kunda kompaniyalar o‘z ambitsiyalarini ro‘yobga chiqarish, raqobatlashish va g‘alaba qozonishga yordam beradigan hamkorlarni qidirmoqdalar va biz soni tobora ortib borayotgan mijozlarimizga kuchli raqobat muhitida buni amalga oshirishda yordam beradigan ishonchli hamkor ekanligimizdan faxrlanamiz”.

Xavfsizlikni ta’minlash va firibgarlikning oldini olish Visa kompaniyasining ustuvor vazifasidir. O‘tgan yili Visa 40 milliard dollarlik firibgarlik yo‘li bilan amalga oshirishga urinilgan tranzaksiyalarni bloklashga yordam berdi, bu avvalgi yildagidan deyarli ikki baravar ko‘p [2]. Bugungi yangiliklar kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi katta tajribasi yordamida mijozlar ehtiyojlarini qondiradigan uchta Visa Protect yechimi bilan bog‘liq:

  • Visa kartalari orqali amalga oshirilmagan to‘lovlar uchun Visa Advanced Authorization (VAA) va Visa Risk Manager (VRM) funksiyalarining kengaytirilishi: Visa  tarmog‘ining sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar orqali firibgarlik xavfini boshqarish bo‘yicha keng ko‘lamli yechimlari endi tarmoq sxemalaridan mustaqil bo‘lib, bu emitentlarga firibgarlikni aniqlash operatsiyalarini yagona yechimga olib kelish imkonini beradi, bu yechim esa o‘z navbatida xarajatlarni kamaytirish bilan birga firibgarlikdan himoyalanishni kuchaytirishga yordam beradi.
  • Visa Provisioning Intelligence (VPI): tokenizatsiya qilish tranzaksiyalarni amalga oshirishning eng xavfsiz usullaridan biri, ammo firibgarlar tokenlarni noqonuniy olish va firibgarlik yo‘li bilan tranzaksiyalarni amalga oshirish uchun ijtimoiy muhandislik va boshqa aldov usullaridan foydalanadi. VPI, sun’iy intellektga asoslangan mahsulot token olish uchun murojaatlarda firibgarlik ehtimolini aniqlash uchun «mashinali o‘qitish» texnologiyasidan foydalangan holda ushbu muammoni hal qiladi va tokenlarni firibgarlik yo‘li bilan olishga qarshi kurashadi. Visa Risk Manager orqali foydalanish mumkin bo‘lgan VPI vositasi moliyaviy muassasalarga firibgarlikni aniqlash va uning oldini olishga yordam beradi va qurilmalarda, elektron tijoratda foydalaniladigan va biznes ma’lumotlari bazasida (card-on-file) saqlanuvchi tokenlar bilan amalga oshiriladigan tranzaksiyalarning butunligi va xavfsizligini ta’minlaydi.
  • Real vaqt rejimida bir hisobdan boshqasiga po‘l o‘tkazish operatsiyalarini himoya qilish: Visa ning lahzali to‘lov tizimi orqali to‘lovlar, shu jumladan, P2P- «raqamli hamyon» xizmati, bir hisobdan boshqa hisobga o‘tkazish va Markaziy bankning Tezkor to‘lov tizimi uchun maxsus ishlab chiqilgan firibgarlikning oldini olish bo‘yicha birinchi yechimi. Chuqur o‘rganish asosida firibgarlikni aniqlashga mo‘ljallangan sun’iy intellekt modellari bilan ta’minlangan yangi xizmat turi real vaqt rejimidagi xavf-xatarlarni baholaydi, moliyaviy muassasalarga firibgarlikning oldini olishga yordam beradi va firibgarlik yo‘li bilan amalga oshirish rejalashtirilgan tranzaksiyalarini sodir bo‘lishidan oldin avtomatik ravishda bloklaydi.

Mahsulotlar mijozlarga 2024-yilda taqdim etiladi, ammo chiqarilish sanalari mahsulot va bozor talablariga qarab farq qilishi mumkin.

“Bugungi raqamli dunyoda Visa tranzaksiyalar sodir bo‘lgan har qanday joyda iste’molchilar ma’lumotlarini himoya qilish uchun xavf-xatarlarni boshqarish va firibgarlikning oldini olish bo‘yicha kengaytirilgan yechimlar to‘plamini taqdim etishga e’tibor qaratmoqda”, deydi Uolter Lironi (Walter Lironi), Visa katta vitse-prezidenti, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi (CEMEA) Value-Added Services va konsalting kompaniyasi rahbari. “Sun’iy intellektga asoslangan uchta yangi yechim Visa ga tegishli beqiyos texnologiya va innovatsiyalar, shuningdek, bizning sun’iy intellekt sohasidagi 30 yillik tajribamiz, xavf-xatarlar bo‘yicha maslahatlar va masofadan boshqarish bo‘yicha malakaviy bilimlarimizga suyangan holda ishlab chiqilgan.  Biz Markaziy va Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi mijozlarimiz va hamkorlarimizni qo‘llab-quvvatlashga hamda ularga o‘z bizneslarini rivojlantirishga yordam berishga intilamiz”.

To‘lovlarni amalga oshirish xavfsizligi bo‘yicha Visa ning keng qamrovli yechimlari va biznes uchun Visa qo‘shimcha xizmatlari haqida ko‘proq bilib olish uchun Intelligent Security va Visa cis.visa.com saytiga tashrif buyuring.

[1] Visa 2023 Annual Report

[2] 2022-yil 1-oktabrdan 2023-yil 30-sentabrgacha bo’lgan davr uchun Visa ma’lumotlari

Facebook
Twitter
LinkedIn
Telegram
Email

Shuningdek o'qing:

Scroll to Top